2027 yildan maktab darsliklari yangi alifboda chop etiladi

O‘zbekistonda 1-sinf darsliklari 2027 yildan boshlab yangi alifboda chop etila boshlaydi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ma’lum qildi.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, maktab darsliklari sinflar kesimida, ya’ni bosqichma-bosqich yangilanib boradi. Masalan, 1-sinflar uchun darsliklar har yili yangilanadi. 2–4-sinflar uchun o‘quv kitoblarini yangilash davriyligi uch yilni tashkil etadi. 5–11-sinflar darsliklari esa har besh yilda bir marta yangilanadi.
Azizbek Turdiyevning aytishicha, qonun kuchga kirganidan keyin, 2027 yildan boshlab birinchi sinf o‘quvchilari uchun darsliklar yangi alifboda chop etiladi. Shu bilan birga, 2027 yildan 2031 yilga qadar barcha maktab darsliklari to‘liq yangilanishi rejalashtirilgan.
«Demak, 2027 yil, keyingi yildan boshlab, qonun kuchga kirgandan keyin, biz birinchi sinf darsliklarini shundoq ham yangi alifboda chop etamiz va hozir aytib o‘tganimdek, 2027 yildan boshlab 2031 yilga qadar barcha darsliklarimiz to‘liq yangilanadi», deydi Turdiyev.
Qolgan yuqori sinflar uchun mo‘ljallangan darsliklar ham ushbu jarayon bilan parallel ravishda bosqichma-bosqich yangilanib boradi.
Vazir o‘rinbosarining bildirishicha, maktab darsliklarini yangi alifboga o‘tkazish jarayoni qo‘shimcha mablag‘ talab qilmaydi. Bunga darsliklarning amaldagi yangilanish davriyligi asos bo‘ladi.
Azizbek Turdiyev, shuningdek, joriy yilning 24–28 avgust kunlari maktabgacha ta’lim tizimida yangi alifbo joriy etilayotgani munosabati bilan o‘quv seminarlari tashkil etilganini ham ma’lum qildi.
Shu tariqa, yangi alifboga o‘tish jarayoni ta’lim tizimida bosqichma-bosqich amalga oshirilib, avval 1-sinf darsliklaridan boshlanadi. 2027–2031 yillar davomida esa barcha maktab darsliklarini to‘liq yangilash ko‘zda tutilgan.






























Izohlar 0
…