Birinchi o‘zbek kosmonavtini O‘zbekkosmos umumxalq tanlovida saralaydi

O‘zbekistonda kosmosga bo‘lgan qiziqish yana bir pog‘ona yuqorilayapti: Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi — «O‘zbekkosmos» birinchi o‘zbek kosmonavtini ochiq tanlov orqali aniqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda agentlik direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, kosmonavtlikka da’vo qiluvchilarga talab qattiq bo‘ladi. Gap faqat xohish-istak haqida emas — sog‘liq holati, fiziologik ko‘rsatkichlar, ilmiy tayyorgarlik, xorijiy tillarni bilish kabi mezonlar asosiy rol o‘ynaydi. «Umumxalq tanlovi qilmoqchimiz», deydi Ibrohimov. Ya’ni nomzod bugun o‘quvchi bo‘ladimi, ishlayotgan mutaxassismi — farqi yo‘q, eng muhimi, o‘sha inson kosmosga chiqishga munosib darajada tayyor bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, intervyuda tanlovning aniq shartlari va muddatlari aytilmadi. Lekin bu ham vaziyatni yanada qiziq qiladi: demak, “kim bo‘laman?” degan savolga javob hozircha ochiq, imkoniyat esa keng.
Ibrohimov yana bir muhim yo‘nalish — sun’iy yo‘ldoshlar bo‘yicha ishlar ketayayotganini ham bildirdi. Unga ko‘ra, prezidentga turli modellar asosida taqdimot tayyorlanyapti. Taqdimotda Yerni masofadan zondlash uchun mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldoshning tuzilishi, foydali yuk qismi, asosiy modul, quyosh panellarining ishlash prinsipi va orbitada qanday ko‘rinish olishigacha tushuntirib berilishi rejalashtirilgan.
Yana bir ilhom beruvchi jihat: hozir Yaponiyaning Kyusyu texnologiya institutida o‘qiyotgan 7 nafar o‘zbekistonlik talaba birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish ustida ishlayapti. Bu — “kosmos bizdan yiroq” degan fikrni butunlay sindiradigan signal.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishgan. Unda 10–14 kunlik qisqa muddatli parvozga tayyorlash taklifi ham o‘rtaga tashlangan, shuningdek, bunday parvozlarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilingan.
Qisqasi, O‘zbekiston kosmos sari jiddiy qadam tashlayapti. Endi eng qizig‘i — kim birinchi bo‘lib yulduzlarga chiqadi? Shu savol javobini kutishning o‘zi ham hayajon.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!