Xitoyda 1080 ta sunʼiy yoʻldoshdan iborat orbital superkompyuter лоyiha qilindi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoyda 1080 ta sun'iy yo'ldoshdan iborat "Space String" orbital hisoblash tarmog'i loyihasi taqdim etildi.
- Ushbu tizim kosmosda sun'iy intellekt modellarini ishga tushirish va ma'lumotlarni qayta ishlashga mo'ljallangan bo'lib, sun'iy yo'ldoshlar o'zaro lazer kanallari orqali bog'lanadi.
- Loyihani Enceladus va Eastlink kompaniyalari ishlab chiqmoqda, ular Three-Body hisoblash guruhini yaratishda ham ishtirok etgan.
Xitoyda kosmosda sunʼiy intellekt modellarini bevosita ishga tushirish hamda maʼlumotlarni qayta ishlashga moʻljallangan ulkan Space String orbital hisoblash tarmogʻi loyihasi taqdim etildi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur tashabbus kelgusida oʻzaro lazer kanallari orqali bogʻlanadigan 1080 dan ortiq sunʼiy yoʻldoshlarni yagona tizimga birlashtirishni nazarda tutadi va koinot texnologiyalari sohasida muhim qadam boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi loyiha 25-sentabr kuni omma eʼtiboriga havola etildi. Uni rivojlantirish ustida avvalroq Three-Body hisoblash guruhini yaratishda qatnashgan Enceladus va Eastlink kompaniyalari ish olib bormoqda. Taqsimotga koʻra, Eastlink tizim arxitekturasi hamda uning ekspluatatsiyasi uchun masʼul boʻlsa, Enceladus sunʼiy intellekt texnologiyalari va loyihaning xalqaro miqyosdagi rivojiga javob beradi.
Space String loyihasining bosh gʻoyasi koʻplab sunʼiy yoʻldoshlarning hisoblash quvvatini yagona tizimga jamlashdan iborat. Hozirgi kunda aksariyat kosmik apparatlar faqat oʻz resurslari doirasida ishlaydi. Yangi arxitekturada esa biron sunʼiy yoʻldoshning murakkab vazifani bajarishga protsessorlari yetmasa, u bu yumushni boshqa apparatlarga uzatishi mumkin boʻladi.
Orbital guruhning ikki darajali tuzilmasi
Rejaga koʻra, yangi kosmik guruh ikkita alohida darajaga boʻlinadi. Birinchi daraja maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashga moʻljallangan 720 dan ziyod sunʼiy yoʻldoshni oʻz ichiga oladi. Ushbu apparatlar Yer yuzini kuzatish va boshqa amaliy vazifalarni bajarish bilan birga, allaqachon oʻqitilgan sunʼiy intellekt modellarini bevosita orbitaning oʻzida ishga tushiradi.Qolgan 360 tadan ortiq sunʼiy yoʻldosh esa guruhning oʻziga xos hisoblash markazi vazifasini bajaradi. Ular sunʼiy intellektni oʻqitishga moʻljallangan boʻlib, ancha quvvatli uskunalar bilan jihozlanadi. Mutaxassislar mazkur apparatlarni quyosh-sinxron orbitaga joylashtirishni rejalashtirgan boʻlib, zarurat tugʻilsa, hisoblash yoʻldoshlari sonini yana-da oshirish imkoniyati saqlanib qoladi.
Lazer aloqasi va bosqichma-bosqich rivojlanish
Barcha apparatlar yuqori tezlikdagi lazer kanallari orqali bir-biriga ulanadi. Bu sunʼiy yoʻldoshlarga katta hajdagi maʼlumotlarni almashish hamda hisob-kitoblarni oʻzaro taqsimlash imkonini beradi. Natijada kosmik qurilma butunlay yigʻilgan axborotni Yerga yuborib oʻtirmaydi, balki sunʼiy intellekt yordamida maʼlumotlarni orbitaning oʻzida dastlabki tahlildan oʻtkazib, faqat kerakli natijani yuboradi.Space String tarmogʻi bosqichma-bosqich barpo etiladi. Dastlab G1 eksperimental sunʼiy yoʻldoshi, keyinchalik G2 standart platformasi va nihoyat G3 unumdor apparati yaratiladi. Har bir avlod tajribasi keyingi bosqichni ishlab chiqishda qoʻl keladi. Ilk sinov apparatini 2027-yilning toʻrtinchi choragida uchirish rejalashtirilgan boʻlib, mingdan ortiq apparatdan iborat toʻliq guruh hozircha uzoq muddatli loyiha maqomida qolmoqda.






























Izohlar 0
…