Ota-onalar diqqatiga: 1-sinfga qabul to‘liq elektron tartibga o‘tdi

O‘zbekistonda 2026–2027 o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfga qabul jarayonlari to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yangi tartibga ko‘ra qabul jarayoni ikki bosqichda tashkil etiladi. Ya’ni, 20 iyundan 31 iyulgacha bolalar mikrohudud doirasida maktabga onlayn ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi. 1 avgustdan 31 avgustgacha esa mikrohududdan tashqari hududlar uchun elektron qabul ochiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, onlayn qabul tizimi joriy etilgan tuman va shaharlar soni 64 tadan 135 tagacha kengaytirilgan. Shuningdek, bu tizimga ulangan maktablar soni ham keskin oshirilib, 1956 tadan 5689 taga yetkazilgan.
Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz hamda my.maktab.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Yangi o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul qilinuvchi bolalar yoshi an’anaviy tartibda belgilangan bo‘lib, 7 yoshga to‘lgan, ya’ni 2019 yil 31 dekabrgacha tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.
Onlayn tizim hali to‘liq joriy etilmagan hududlarda esa qabul an’anaviy, ya’ni maktablar tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, jarayon shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha ma’lumotlar maktablarda ochiq e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari joriy yil 20 avgustga qadar barcha ta’lim muassasalariga yetkazib beriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!