2027 yildan 1-sinf darsliklari yangi alifboda chop etiladi

O‘zbekistonda maktab darsliklarini yangi alifboga bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 2027 yildan boshlab 1-sinf darsliklari yangi alifboda chop etila boshlaydi. Bu haqda 10 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev ma’lum qildi.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, maktab darsliklari sinflar kesimida ma’lum davriylik asosida yangilanadi. Jumladan, 1-sinf darsliklari har yili, 2–4-sinf darsliklari uch yilda bir marta, 5–11-sinf darsliklari esa besh yilda bir marta yangilanadi.
Shu sababli 2027 yildan boshlab yangi alifboda 1-sinf darsliklarini chop etishdan boshlanadi. Turdiyevning ta’kidlashicha, 2027–2031 yillar davomida maktab darsliklarini bosqichma-bosqich to‘liq yangilash ko‘zda tutilgan.
“2027 yildan boshlab biz 1-sinf darsliklarini shundoq ham yangi alifboda chop etamiz va 2027 yildan 2031 yilgacha barcha darsliklarimiz to‘liq yangilanadi”, — dedi Azizbek Turdiyev.
Qolgan sinflar darsliklari ham o‘zining yangilanish muddati kelishi bilan parallel ravishda yangi alifboga o‘tkazib boriladi. Vazir o‘rinbosari bu jarayon darsliklarni belgilangan muddatlarda yangilash bilan bir vaqtda amalga oshirilishi sababli qo‘shimcha mablag‘ talab qilmasligini bildirgan.
Shuningdek, 24–28 avgust kunlari maktabgacha ta’lim tizimida yangi alifboni joriy etish bilan bog‘liq o‘quv seminarlari tashkil etilgani ham qayd etilgan.






























Izohlar 0
…