Kitob o‘qib, 50 ming dollar yutish mumkin: O‘zbekistonda noodatiy tanlov!

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan "Milliy kitobxonlik harakati" umummilliy tanlovi tashkil etilmoqda. Unda 1–11-sinf o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin. Tanlovning yillik mukofot jamg‘armasi 240 ming dollar bo‘lib, bosh g‘olibga 50 ming dollar mukofot beriladi.
Loyihaning asosiy maqsadi yosh avlod orasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish va o‘quvchilarning bilim saviyasini oshirishdan iborat.
Tanlovda kimlar qatnashishi mumkin?
Musobaqada umumta’lim maktablarining 1–11-sinf o‘quvchilari ishtirok etadi. Qatnashchilar yoshiga va sinfiga qarab uchta guruhga bo‘linadi:
1–5-sinf o‘quvchilari;
6–8-sinf o‘quvchilari;
9–11-sinf o‘quvchilari.
Har bir yosh toifasi uchun alohida tavsiya etilgan kitoblar ro‘yxati tuzilgan. O‘quvchilar ushbu asarlarni «Mutolaa» mobil ilovasi orqali o‘qishlari mumkin. Tanlov qanday bosqichlarda o‘tkaziladi?
Musobaqa uch bosqichni qamrab oladi: maktab yoki tuman bosqichi, hududiy saralash va respublika finali. Ishtirokchilar tavsiya etilgan kitoblarni mutolaa qilib, tanlovning keyingi bosqichlariga yo‘l olish uchun bellashadi.
Tashabbus o‘quvchilar orasida kitob o‘qishga bo‘lgan mehrni oshirish, mutolaani kundalik odatga aylantirish hamda bilimga intiluvchi yoshlarni rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…