“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining moliyaviy ko‘rsatkichlarida o‘sish qayd etildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining moliyaviy ko‘rsatkichlarida o‘sish qayd etildi. Joriy yilning birinchi choragida kompaniya davlat budjetiga 158 mlrd so‘m daromad solig‘i to‘lagan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 104 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.
Balans ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya aktivlari 1,55 trln so‘mga oshib, 47 trln 996 mlrd so‘mga yetgan. Ushbu o‘sishda majburiyatlarning 1,07 trln so‘mga ko‘paygani asosiy omillardan biri bo‘lgan. Shu bilan birga, 10,4 trln so‘mlik zaxira kapitali hamda 4,3 trln so‘mlik ustav kapitali o‘zgarishsiz qolgan.
Avvalroq 1 fevraldan boshlab ayrim mahalliy yo‘lovchi poyezdlari chiptalari narxi oshirilgani ma’lum qilingan edi. Xususan, “Afrosiyob”, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlari uchun biletlar o‘rtacha 15 foizga qimmatlagan.
Kompaniya tariflar oshirilishini texnik xizmat ko‘rsatish, ehtiyot qismlar xaridi, elektr energiyasi va ekspluatatsiya xarajatlari ko‘paygani bilan izohlagan. Shuningdek, harakat xavfsizligini ta’minlash, xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasida saqlash va infratuzilmani muntazam yangilash zarurati ham hisobga olingani bildirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!