Saratonni to‘xtatgan dori olimlarni hayratda qoldirdi

Saratonga qarshi kurashda yangi umid paydo bo‘ldi. The Guardian nashrining xabar berishicha, “Amivantamab” deb nomlangan innovatsion dori bosh va bo‘yin saratonining og‘ir shakllariga qarshi davolashda yuqori samaradorlik ko‘rsatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu preparat 11 ta davlatda o‘tkazilgan keng ko‘lamli klinik tadqiqotlar davomida sinovdan o‘tkazilgan. Tadqiqotda jami 102 nafar bemor ishtirok etgan bo‘lib, ularning barchasi avval kimyoterapiya hamda immunoterapiya muolajalaridan kutilgan natijani olmagan og‘ir holatdagi bemorlar hisoblanadi.
Tadqiqot natijalari esa mutaxassislarni hayratda qoldirdi. Ishtirokchilardan 15 nafarida o‘smalar to‘liq yo‘qolgan bo‘lib, bu holat tibbiyot olamida “misli ko‘rilmagan yutuq” sifatida baholanmoqda.
Qayd etilishicha, “Amivantamab” preparati har uch haftada bir marta teri ostiga in’eksiya ko‘rinishida yuboriladi. Olimlar hozirda tadqiqotlarni davom ettirib, uning samaradorligi va xavfsizligini yanada kengroq klinik bosqichlarda o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Mutaxassislar bu natijani saraton kasalligiga qarshi kurashda yangi davr boshlanishi sifatida baholamoqda va kelajakda ushbu dori ko‘plab bemorlar uchun yangi umid bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.





























Izohlar 0
…