
Ertaga "JCH-2026" saralashi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qirg‘iz Respublikasiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu o‘yin oldidan O‘zbekiston Milliy terma jamoasi ustozi Timur Kapadze hamda Odiljon Hamrobekov ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Quyida termamiz bosh murabbiyining fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
- Assalomu alaykum, ertaga bizni qiziqarli o‘yin kutib turibdi. O‘ylaymanki, tayyormiz. Muxlislar ko‘z o‘ngida g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
- 2011 yilda o‘yinchi sifatida O‘zbekiston bilan bo‘lgan uchrashuvlarda 3:0, 4:0 bo‘lgan. Hozir Qirg‘iz Respublikasi termasidagi o‘sish haqida nima deya olasiz?
- Albatta, u paytdagi o‘yinlar bilan hozirgini solishtirish qiyin. Sababi, hamma yerda ham futbol rivojlanib bormoqda. O‘sha paytda ham ko‘p to‘qnash kelganmiz va ustun kelganmiz. Qirg‘izistonda o‘zgarishlar bor va futbol rivojlanmoqda. O‘ylaymanki, ertaga yaxshi o‘yin bo‘ladi.
Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik haqida
- O‘ylaymanki, hammasi joyida. Hamma sog‘-salomat. FIFA kunlariga futbolchilar ertaroq kelsa, yaxshi bo‘lardi. Biroq bu bizning qo‘limizda emas.
Aliqulovning yo‘qligi haqida
- Bu katta yo‘qotish. Biroq bu futbol. Futbolda ba’zan shunday holatlar bo‘lib turadi. Bu terma jamoa va har bir futbolchi bu kabi holatlarga tayyor turishi kerak. Menimcha, bu muammo bo‘lmasligi kerak va biz ertaga maydonga chiqib o‘z vazifamizni bajarishimiz kerak.
Ostonning holati va Hojimatning termaga chaqirilishi haqida
- Kecha u o‘zini biroz diskomfort his qildi. Bugun, erta yana qaraymiz. Albatta, bizga har qanday holatda ijrochilar kerak bo‘ladi. Shuning uchun, ham biz Hojimatni termaga chaqirdik.
- Mahalliy futbolchilarning holatidan ko‘nglingiz to‘lyaptimi? Sababi, bizda mavsum endi boshlandi. Tarkibda esa yetarli mahalliy futbolchilar bor. 90 daqiqa o‘ynash uchun kuchimiz yetadimi?
- Albatta, yetadi. Hozir maydonga chiqib, natija qayd etishimiz kerak. Aytganimdek, tayyorgarlik uchun ko‘p vaqt bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. O‘z maydonimizda harakat qilamiz va hammamiz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak.
Yana bir tarix yaratish haqida
- To‘g‘risini aytsam, tarix yaratish va boshqa narsalar haqida o‘ylamayapman. Menda bitta vazifa bor va shuni qilish harakatidaman. Olimpiada kabi JCHga chiqish nafaqat biz uchun, balki hammamiz uchun muvaffaqiyat bo‘ladi.
- Futbolchi sifatida JCH-2014 saralashida qatnashgansiz. Oxirgi turda J. Koreya va Eron o‘rtasidagi bahsda o‘ziga hos "o‘yin" bo‘lgan. Bu safar ham shunday holatlar qayd etilishi ehtimoli katta. Bu haqda nima deya olasiz?
- To‘g‘risini aytsam, narigi o‘yinlarda nima bo‘layotgani menga qiziqmas. Biz o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratishimiz kerak. Bizni xursand qiladigan jihat - hammasi o‘z qo‘limizda.
Temur Kapadze o‘z oldidagi mas’uliyat haqida
- Har bir uchrashuv o‘ziga yarasha mas’uliyat. Olimpiadaga chiqayotganimizda ham o‘ziga yarasha mas’uliyat bor edi. Dam olganim ancha foydali bo‘ldi. Tajriba yig‘dim.
- Birinchi davradagi bahs asabiy o‘tgandi. Bu o‘yin ham shunday bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?
- Har bir uchrashuv o‘ziga yarasha asabiy o‘tadi. Nasib etsa, ertaga biz o‘z futbolimizni namoyish etib, ularga o‘yin bermaslikka harakat qilamiz. Biroq eng asosiysi g‘alaba. Uchrashuv asabiy o‘tadimi yoki yo‘q, birinchi navbatda g‘alaba qozonishimiz kerak. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar