Martines Ronaldu qachon faoliyatini yakunlashini aytdi

Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines Krishtianu Ronaldu qachon futbolchilik faoliyatini yakunlashi mumkinligi haqidagi savolga munosabat bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Fevral boshida 41 yoshni qarshi olgan yulduz futbolchining jismoniy ko‘rsatkichlari hamon yuqori ekanini ta’kidlagan mutaxassis, yakuniy qaror vaqt masalasi ekanini aytdi.
“Uning jismoniy holati yana, yana va yana o‘ynashga yetadi. Menimcha, gap u qachon o‘zi buning uchun mos vaqt kelganini his qilishida. Ronaldu juda o‘ziga tanqidiy qaraydigan futbolchi. U jamoaga endi foydasi tegmayotganini anglagan paytda, to‘xtash bo‘yicha qaror ham shunda qabul qilinadi”, — dedi Martines BBCga bergan intervyusida.
Klub miqyosida Ronaldu “Al-Nasr” sharafini himoya qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, portugaliyalik hujumchi shanba kuni jamoa tarkibiga qaytishi kutilmoqda.
Avvalroq Ronaldu klub boshqaruvidagi ayrim qarorlardan noroziligini bildirib, bir necha uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgani qayd etilgan.
“Al-Fateh” — “Al-Nasr” uchrashuvini LiveResult platformasida matnli translyatsiya orqali kuzatish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!