Erling Xoland Real Madrid bilan kelishuvga erishgani aytilmoqda

Real Madrid prezidentligi uchun kurash kutilmagan tus oldi. Nomzod Enrique Riquelme amaldagi prezident Florentino Perezga qarshi saylov kampaniyasida Manchester Siti yulduzi Erling Xoland Madridga koʻchib oʻtishga rozi boʻlganini iddao qildi. 37 yoshli tadbirkor oʻzining butun saylovoldi dasturini norvegiyalik hujumchini "Santyago Bernabeu"ga olib kelish ustiga qurgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mashhur "El Hormiguero" koʻrsatuvida chiqish qilgan Riquelme nafaqat Erling Xoland, balki 2024-yilgi "Oltin toʻp" sohibi Rodri ham uning rejalari markazida ekanini taʼkidladi. U klub aʼzolariga moliyaviy kafolat berib, agar ushbu transferlarni amalga osha olmasa, kelgusi mavsum uchun barcha aʼzolik badallarini oʻz choʻntagidan toʻlashga vaʼda berdi. Uning soʻzlariga koʻra, Erling Xolandning shartnomasida tovon puli bor va futbolchining oʻzi Madridga kelishni istaydi.
Biroq, futbolchining vakillari ushbu bayonotlarni tezda rad etishdi. Erling Xolandning otasi Alfie Haaland va agenti Rafaela Pimenta qoʻshma bayonot berib, Riquelme bilan hech qanday kelishuv mavjud emasligini bildirishdi. Ular bu gaplarni "koʻngilochar, ammo haqiqatdan yiroq" deb atashdi. Manchester Siti ham oʻz yulduzi borasida xotirjam ekanini va uning klub loyihasidan ketish niyati yoʻqligini maʼlum qildi.
The Athletic nashrining xabar berishicha, Manchester Siti rahbariyati Riquelmening asossiz daʼvolari yuzasidan huquqiy choralar koʻrishni rejalashtirmoqda. Klub Erling Xoland shartnomasida transferni osonlashtiradigan maxsus band borligini qatʼiyan rad etdi. Shu bilan birga, Florentino Perez ham boʻsh kelmayapti — u Joze Mourinyo bilan bosh murabbiylik borasida kelishuvga erishganini eʼlon qildi.





























Izohlar 0
…