date

Shaxmatdan charchagan Javohir Sindarov dam olib, yana porlamoqda...

O‘zbekiston shaxmatining yorqin vakili Javohir Sindarov so‘nggi oylarda butun dunyo shaxmat jamoatchiligining diqqat markazida turibdi. Yaqindagina Nomzodlar turnirida tarixiy g‘alabaga erishib, ko‘pchilikni hayratda qoldirgan yosh grossmeyster hozirda Polshada o‘tayotgan nufuzli Grand Chess Tour musobaqasida dunyo yulduzlariga qarshi bahs olib bormoqda.

Sindarovning Nomzodlar turniridagi ishtiroki nafaqat o‘zbekistonlik muxlislar, balki xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuqori baholangan edi. Chunki u bosim va yuqori raqobat muhitida o‘zini juda ishonchli namoyon qildi. Ayniqsa, uning sovuqqonligi va hal qiluvchi palladagi aniq yurishlari ko‘pchilikning e’tiborini tortgan.

Javohirdan Nomzodlar turniridan keyin qanday dam olgani haqida so‘ralganda, u kutilmagan javob berdi. Uning aytishicha, so‘nggi ikki hafta mobaynida shaxmatdan deyarli butunlay uzoqlashgan.

— Nomzodlar turniri insondan juda katta energiya oladi. Ruhan ham, jismonan ham qattiq charchaysan. Shuning uchun miyamni to‘liq dam oldirishga qaror qildim. Shaxmat haqida o‘ylamaslikka harakat qildim. Ko‘proq Counter-Strike o‘ynadim, boshqa ishlar bilan shug‘ullandim, — dedi Sindarov.

Yosh shaxmatchi Polshadagi musobaqaga ham jiddiy tayyorgarlikni juda kech boshlaganini tan oldi.

— Grand Chess Tour boshlanishiga atigi ikki kun qolgandagina qayta tayyorgarlikka kirishdim. Chunki avval o‘zimni tiklab olish muhim edi, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shunga qaramay, Javohir musobaqaning dastlabki bahslaridayoq o‘zining yuqori darajasini namoyon qilishga ulgurdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim partiyalarda g‘alaba qozonish oson kechmagan.

— O‘yin vaqtida ba’zi vaziyatlarda yutish juda qiyindek ko‘rindi. Lekin oxirida g‘alaba qozona oldim. Birinchi kundan umumiy ma’noda ko‘nglim to‘ldi, — dedi o‘zbekistonlik grossmeyster.

Mutaxassislar fikricha, Sindarovning qisqa vaqt ichida qayta tiklanib, yana yuqori darajada o‘ynay boshlashi uning psixologik tayyorgarligi va professional yondashuvini ko‘rsatadi. Zamonaviy shaxmatda nafaqat nazariya va hisob-kitob, balki ruhiy barqarorlik ham katta ahamiyatga ega.

Javohir Sindarovning muvaffaqiyatlari hozirda o‘zbek shaxmatining yangi avlodi shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Uning o‘yinlari millionlab muxlislar tomonidan kuzatilmoqda va ko‘pchilik uni kelajakda jahon chempionligi uchun kurashadigan asosiy da’vogarlardan biri sifatida ko‘rmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Shaxmatdan charchagan Javohir Sindarov dam olib, yana porlamoqda...