Ilk bor dunyodagi eng go‘zal so‘z tanlandi

Xalqaro ekspertlar hay’ati tarixda ilk bor dunyodagi eng go‘zal so‘zni aniqladi. G‘olib sifatida Yangi Zelandiyaning tub aholisi — maori xalqi tilidagi «Kaitiakitanga» so‘zi tanlandi. Bu haqda chet tillarini o‘rganish bo‘yicha Babbel platformasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, «Kaitiakitanga» so‘zi o‘zbek va boshqa ko‘plab tillarda aniq muqobilga ega emas. U insonning tabiat oldidagi mas’uliyati, atrof-muhitni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga sog‘-omon yetkazish burchini anglatadi.
Maori xalqi dunyoqarashiga ko‘ra, inson tabiatning egasi emas. Aksincha, u tabiatning ajralmas bir qismi va uni muhofaza qilishga mas’ul shaxs hisoblanadi.
Tanlov tashkilotchilari ta’kidlashicha, g‘olibni saralashda so‘zning nafaqat chiroyli talaffuzi, balki uning ma’nosi, madaniy ahamiyati va bugungi kundagi dolzarbligi ham inobatga olingan.
G‘olibni aniqlash uchun Babbel jamoasi ijtimoiy tarmoqlar, til forumlari va turli muhokamalarni o‘rganib chiqqan. Yakuniy qaror tilshunoslar hamda madaniyatshunoslardan iborat xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan qabul qilingan.
Tanlovda 75 dan ortiq tildan 223 ta so‘z ishtirok etgan.
Finalga chiqqan eng mashhur so‘zlar quyidagilardan iborat:
Saudade (portugal tili) — yo‘qotilgan yoki erishib bo‘lmaydigan narsaga bo‘lgan chuqur sog‘inch.
Ikigai (yapon tili) — insonni har kuni hayotga undaydigan maqsad va yashash mazmuni.
Hiraeth (uels tili) — qaytib bo‘lmaydigan vatan yoki makonga bo‘lgan kuchli sog‘inch.
Ubuntu (zulu tili) — insoniylik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik g‘oyasi.
Luftmensch (yiddish tili) — moddiy boylikdan ko‘ra g‘oya va orzular bilan yashaydigan idealist inson.
Tashkilotchilarning bildirishicha, mazkur tanlovning asosiy maqsadi dunyo tillari va madaniyatlarining boyligini namoyon etish, shuningdek, ayrim so‘zlar boshqa tillarda bir og‘iz so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan noyob tushunchalarni o‘zida mujassam etishini ko‘rsatishdan iborat.






























Izohlar 0
…