O‘limidan oldin talabalariga yakuniy baho qo‘ygan o‘qituvchi hammani ta’sirlantirdi

AQSHning Texas shtati Del-Rio shahridagi o‘rta maktab matematika o‘qituvchisi Manuyel Alexandro Navarro 2020 yil dekabr oyida kasbiga sadoqati bilan butun dunyo e’tiborini qozongan edi. Ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lishiga qaramay, u reanimatsiya bo‘limiga kirishidan avval shifoxona karavotida noutbuk yordamida o‘quvchilarining topshiriqlarini oxirigacha baholab chiqqan.
AQSHning Texas shtati, Del-Rio shahridagi o‘rta maktab matematika o‘qituvchisi Manuyel Alexandro Navarro 2020 yil dekabr oyida butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratgan edi. Uning hayoti bilan bog‘liq ta’sirli voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, minglab insonlarni befarq qoldirmagan.
O‘sha paytda o‘qituvchining qizi otasining shifoxona karavotida yotgan holda noutbuk orqali ishlayotgani aks etgan suratni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Surat qisqa vaqt ichida keng muhokama qilinib, haqiqiy ustozning mehnatga sadoqati ramzi sifatida baholangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ahvoli o‘ta og‘ir ekanini bilgan Navarro reanimatsiya bo‘limiga kirishidan avval o‘quvchilarining topshiriqlarini baholab ulgurish maqsadida noutbukini shifoxonaga o‘zi bilan birga olib kelgan. U shifoxonada davolanayotganiga qaramay, o‘quvchilari baholarini o‘z vaqtida olishlarini ta’minlash uchun mehnat qilishda davom etgan.
Oila a’zolarining aytishicha, salomatligi keskin yomonlashganiga qaramasdan, u o‘z burchini oxirigacha bajarishga intilgan. Navarro uchun o‘quvchilarining ta’limi va kelajagi har qanday qiyin vaziyatdan ham ustun bo‘lgan.
Qizining ta’kidlashicha, otasi doimo o‘z shogirdlariga, ayniqsa ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganayotgan bolalarga alohida mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lgan. U ularning bilim olishi, muvaffaqiyat qozonishi va o‘z vaqtida baholarini olishi uchun doimo mas’uliyat bilan yondashgan.
Manuyel Alexandro Navarro o‘quvchilarining ishlarini to‘liq baholab bo‘lgach, ertasi kuni 66 yoshida vafot etdi. Uning shifoxonada ham o‘z kasbiy burchini sidqidildan bajarayotgani aks etgan mashhur surati bugunga kelib darsdan tashqari vaqtda ham fidokorona mehnat qiladigan barcha o‘qituvchilarning mehnati, mas’uliyati va kasbiga sadoqatining unutilmas timsollaridan biriga aylangan.






























Izohlar 0
…