Oshqozonidan butun o‘ljalar chiqqan maxluq sohilga chiqdi

Oshqozonidan butun o‘ljalar chiqqan maxluq sohilga chiqdi
Qisqacha

AQSHning Oregon shtati sohillaridan 22 aprel kuni uzunligi qariyb 1,5 metrga teng bo‘lgan Longnose lancetfish deb nomlanuvchi noyob dengiz jonzoti topildi. Seaside Aquarium mutaxassislari baliqning oshqozonidan butun kalmarlar hamda hali hazm bo‘lmagan boshqa baliqlar chiqqanini aniqlashdi. Akvarium mutaxassisi Tiffani Butning aytishicha, bu turdagi baliqlarni butun holatda topish juda qiyin bo‘lib, yangi va shikastlanmagan namuna olimlar uchun katta omad bo‘ldi.

AQSHning Oregon shtati sohillarida odatda faqat okeanning chuqur qatlamlarida yashaydigan va «kannibal baliq» nomi bilan tanilgan noyob dengiz jonzoti topildi. Mutaxassislarni hayratga solgan eng qiziq jihat esa uning oshqozonidan chiqqan o‘ljalar bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, uzunligi qariyb 1,5 metrga teng bo‘lgan Longnose lancetfish (uzun burinli lansetbaliq) 22 aprel kuni Oregon sohiliga chiqib qolgan. Bu tur ushbu hududda juda kam uchraydi va aksariyat hollarda bunday holatda topilmaydi.

Sohilga kelgan jonzot haqida xabar olgan Seaside Aquarium mutaxassislari uni o‘rganish uchun zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi. Tekshiruv davomida baliqning oshqozonidan butun kalmarlar hamda hali hazm bo‘lmagan boshqa baliqlar chiqqani aniqlandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu tur hatto o‘z turdoshlarini ham yeyishi bilan mashhur. Shu bois unga «kannibal baliq» degan nom berilgan. U, shuningdek, okeanning quyosh nuri deyarli yetmaydigan «alacakarang‘u zona»sida yashagani uchun «Twilight Zone fish» deb ham ataladi.

Oq va qora sirtlarda baliq organlari va dengiz mahsulotlari bo‘laklari yotibdi.

Tashqi ko‘rinishi barrakudaga o‘xshaydigan ushbu yirtqich o‘tkir qoziqsimon tishlari bilan ajralib turadi. Akvarium mutaxassisi Tiffani Butning aytishicha, Oregon sohillarida bir yilda atigi bir necha marta shunday baliq uchraydi. Biroq ularni butun holatda topish juda qiyin.

Bunga sabab, lansetbaliqning tanasi jelesimon yumshoq go‘shtdan iborat bo‘lib, dengiz qushlari uni tezda yeb ketadi. Shuning uchun ham yangi va shikastlanmagan holatda topilgan namuna olimlar uchun katta omad hisoblandi.

Mutaxassislar ushbu noyob jonzot okeanning chuqur qismidagi hayot haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish imkonini berishini ta’kidlamoqda. Uning sohilga chiqib qolishi esa hanuzgacha olimlar uchun to‘liq izohlanmagan hodisalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar