iPhone 18 Pro va Pro Max korpuslarining ranglari jonli suratlarda koʻrsatildi

Internet tarmogʻida iPhone 18 Pro va Pro Max modellarining korpuslari aks etgan suratlar tarqaldi. Ushbu tasvirlar yangi qurilmalarning ichki va tashqi koʻrinishi haqida dastlabki tasavvurlarni beradi. Suratlarda uch xil rangdagi korpuslarni koʻrish mumkin: toʻq gilos rang, och havorang va klassik qora. Taxminlarga koʻra, Apple oʻtgan yilgi toʻq sariq rangdan soʻng ranglar palitrasida tajriba oʻtkazishni davom ettiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kamera blokining shakli va joylashuviga koʻra, maketlar deyarli iPhone 17 Pro dizaynini takrorlaydi. Suratlardan xulosa qilish mumkinki, kompaniya korpus dizayniga keskin oʻzgarishlar kiritmasdan, asosan ranglar gammasini yangilash bilan cheklanmoqda. Shuningdek, orqa panel elementlari va SIM-karta slotlari ham namoyish etilgan.
Asosiy innovatsiyalar qurilmaning ichki qismida kutilmoqda. Tahlilchilar va insayderlar 2 nanometrli texnologik jarayonga asoslangan A20 Pro chipi, kamera imkoniyatlarining kengayishi va Dynamic Island tizimidagi ehtimoliy oʻzgarishlarni muhokama qilishmoqda. Avvalroq iPhone 18 Pro liniyasi yangi dizayn va kengaytirilgan ranglar palitrasiga, jumladan, toʻq qizil variantga ega boʻlishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Yana bir muhim yangilik — oʻzgaruvchan diafragmali kamera boʻlib, u turli yorugʻlik sharoitlarida suratga olish sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Shuningdek, sizib chiqqan maʼlumotlar orasida iPhone 18 Pro akkumulyatorlarining sigʻimi sotiladigan mintaqaga qarab farq qilishi mumkinligi haqidagi kutilmagan xabar ham bor.





























Izohlar 0
…