Elon Musk: Marsni Yer kabi yashashga yaroqli sayyoraga aylantirish mumkin

Elon Musk Mars haqida yangi bayonot berib, uni “ta’mirga muhtoj sayyora” deb atadi va u yerda sun’iy atmosfera yaratish imkoniyati borligini ta’kidladi. Milliarderni fikricha, agar Marsni yetarlicha isitish imkoni topilsa, uni Yerga o’xshash holatga keltirish mumkin. Bu esa okeanlar, hayot shakllari va sirtda skafandrsiz yurish imkoniyatini anglatadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yaqinda Elon Musk Oy va Marsda o’z-o’zini ta’minlay oladigan sivilizatsiyalar yaratish zarurligini yana bir bor urg’uladi. SpaceX kompaniyasi o’z saytida Mars dasturi bo’yicha ma’lumotlarni yangiladi va kutilmaganda Starship kemasining Qizil sayyoraga ilk yuk reyslari muddatini yaqinlashtirdi. Avvalroq ushbu missiyalar 2030-yildan oldin amalga oshmasligi aytilgan bo’lsa, endilikda 2028-yil maqsad qilib olingan.
Yuklar va odamlarni Marsga yetkazib berish Starship raketasi yordamida amalga oshiriladi. Elon Muskning so’zlariga ko’ra, kelajakda Starship orqali koinotga yuk tashish xarajatlari samolyotda yuk tashish narxidan ham arzonroqqa tushadi. Bu esa koinotni o’zlashtirishda yangi davrni ochib berishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Curiosity marsaxodi Marsning o’tmishida uzoq vaqt davomida yer ostida iliq suv zaxiralari mavjud bo’lgani haqida yangi dalillarni aniqladi. Biroq, koinot tadqiqotlarida yo’qotishlar ham bor: ko’p oylik urinishlardan so’ng MAVEN sun’iy yo’ldoshi bilan aloqani tiklab bo’lmadi va agentlik uning missiyasi yakunlanganini e’lon qildi.





























Izohlar 0
…