Kubitlar 1000 marta ishonchli boʻldi: Microsoft Majorana 2 protsessorini taqdim etdi

Kubitlar 1000 marta ishonchli boʻldi: Microsoft Majorana 2 protsessorini taqdim etdi

San-Fransiskoda boʻlib oʻtgan yillik Build konferensiyasida Microsoft kompaniyasi yangi avlod kvant protsessori — Majorana 2 ni namoyish etdi. Ishlab chiquvchilarning soʻzlariga koʻra, chip kompaniyaning Discovery nomli sunʼiy intellekt platformasi yordamida yaratilgan hamda uning konstruksiyasi va materiallar tarkibida jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirilgan. Yangi protsessor oʻzidan oldingi Majorana 1 versiyasining oʻrnini egalladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Microsoft Quantum boʻlinmasi vitse-prezidenti Chetan Nayakning taʼkidlashicha, Majorana 2 da barqarorroq topologik fazani shakllantirish uchun materiallar steki takomillashtirilgan. Xususan, birinchi versiyada oʻta oʻtkazuvchan boʻlgan alyuminiy oʻrniga qoʻrgʻoshin ishlatilgan. Shuningdek, yarim oʻtkazgichning faol zonasi indiy arsenidi va indiy arsenid-antimonidi kombinatsiyasiga yangilangan. Ushbu oʻzgarishlar unumdorlikning sezilarli darajada oshishiga xizmat qildi.

Kompaniya mutaxassislarining tushuntirishicha, yangi materiallar kombinatsiyasi kvant bitlarini (kubitlarni) tashqi taʼsirlardan, jumladan, kosmik nurlanish va elektromagnit xalaqitlardan yaxshiroq himoya qiladi. Bu kabi omillar anʼanaviy ravishda kvant hisoblashlaridagi eng asosiy muammolardan biri boʻlib kelayotgan edi. Yangi arxitekturaga oʻtish natijasida kubitlar ishonchliligi 1000 barobarga oshgan.

Erishtilgan muvaffaqiyatlar Microsoft kompaniyasini texnologiyani rivojlantirish rejalarini qayta koʻrib chiqishga undadi. Chetan Nayakning soʻzlariga koʻra, amaliy kvant kompyuterini yaratish boʻyicha "yoʻl xaritasi" ikki baravar qisqartirildi va endilikda kompaniya ushbu maqsadga 2029-yilgacha erishishni koʻzlamoqda. Bunday kompyuterlar hozirgi eng kuchli superkompyuterlar uchun imkonsiz boʻlgan masalalarni yechishga qodir boʻladi.

Majorana 2 taqdimoti bilan bir qatorda, Microsoft oʻzining Discovery platformasini ommaviy ishga tushirganini eʼlon qildi. Ushbu agentli sunʼiy intellekt muhandislarga yangi protsessorni loyihalash va uning konstruksiya variantlarini modellashtirishda yordam bergan. Discovery tizimi ilmiy tadqiqotlarni avtomatlashtirish, katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish va yangi materiallar yaratishni tezlashtirish uchun moʻljallangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar