Apple yangi Vision Pro loyihasidan voz kechishi mumkin

Apple kompaniyasi Vision turkumidagi qurilmalarini rivojlantirish rejalarini sezilarli darajada qisqartirgan boʻlishi mumkin. Taniqli tahlilchi Ming-Chi Kuo tomonidan eʼlon qilingan yangilangan yoʻl xaritasiga koʻra, kompaniyaning kengaytirilgan va aralash reallik (XR) segmentidagi strategiyasi tubdan oʻzgargan. Avvalroq yettita qurilma ustida ish olib borilayotgani aytilgan boʻlsa, hozirda faqat ikkita mahsulot faol ishlanma bosqichida qolmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kutilayotgan birinchi mahsulot — oʻrnatilgan displeysiz, sunʼiy intellekt funksiyalariga yoʻnaltirilgan aqlli koʻzoynaklar boʻlib, ularning debyuti 2027-yilga moʻljallangan. Ikkinchi qurilma esa optik toʻlqin oʻtkazgichlar orqali maʼlumotlarni aks ettiruvchi toʻliq AR/XR koʻzoynaklari boʻladi. Biroq ushbu loyihani amalga oshirish muddati 2029-yilga koʻchirilgan. Eng asosiysi, yangi yoʻl xaritasida Apple Vision Pro garniturasining bevosita davomchilari haqida hech qanday maʼlumot yoʻq.
Ushbu strategik oʻzgarishlar Apple kompaniyasining apparat taʼminoti boʻyicha rahbari va Tim Cookʻning ehtimoliy vorisi hisoblangan John Ternus tomonidan maʼqullangani aytilmoqda. Tahlilchilarning fikricha, kompaniya qimmatbaho va ogʻir garnituralardan koʻra, ommaviy foydalanishga qulay boʻlgan ixcham koʻzoynaklar formatiga koʻproq urgʻu bermoqchi. Bu esa smartfonlardan keyingi shaxsiy elektronika davrining yangi bosqichi sifatida koʻrilmoqda.
Shuni taʼkidlash joizki, insayder Mark Gurman yaqinda Apple kompaniyasi Vision Pro uchun yengilroq va ixchamroq oʻrinbosar ustida ishlayotganini xabar qilgan edi. Hozircha maʼlumotlar bir-biriga zid kelayotgan boʻlsa-da, Apple Vision platformasining kelajagi haqidagi aniqroq tafsilotlar WWDC 2026 konferensiyasida visionOS tizimining yangilanishlari bilan birga maʼlum boʻlishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…