Elon Musk: Starlink V3 tezligi 10 baravar, sigʻimi esa 100 baravar oshadi

Elon Musk yaqin orada uchirilishi rejalashtirilayotgan Starlink sunʼiy yoʻldoshlarining yangi avlodi haqida inqilobiy tafsilotlarni maʼlum qildi. Yangi Starlink V3 qurilmalari V2 modeliga nisbatan 10 baravar koʻproq oʻtkazuvchanlik qobiliyatiga ega boʻlib, har bir sunʼiy yoʻldosh 1 Tbit/s dan yuqori tezlikni taʼminlay oladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Milliarderning soʻzlariga koʻra, koinotga hozirgidan 10 baravar koʻproq apparat uchirish rejalashtirilgan. Natijada, butun tizimning umumiy sigʻimi 100 baravardan ziyodroqqa ortadi. Shuningdek, sunʼiy yoʻldoshlarning orbita balandligi 550 kilometrdan 350 kilometrgacha tushiriladi, bu esa signal kechikishini (ping) sezilarli darajada kamaytiradi.
Fizika qonunlariga koʻra, signalning borib-kelish vaqti 5 millisekunddan kamroqni tashkil etadi. Bunday koʻrsatkich Starlink xizmatini hatto sayyoramizning eng chekka nuqtalarida ham optik tolali internet tarmoqlari bilan bir qatorga qoʻyadi. Bu geymerlar uchun onlayn oʻyinlar, 8K formatdagi strimlar va masofaviy ish uchun ideal sharoit yaratadi.
Starlink V3 qurilmalarining ilk partiyasi 2026-yilda Starship raketa-tashuvchisi yordamida koinotga chiqarilishi kutilmoqda. Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda ushbu servisdan dunyoning 160 ta mamlakatida 12 milliondan ortiq abonent foydalanib kelmoqda.





























Izohlar 0
…