Rossiya Angara-A3 oʻrta toifali raketa loyihasidan voz kechdi

Rossiyaning oʻrta toifali “Angara-A3” raketa-tashuvchisini ishlab chiqarish hozircha rejalashtirilmayapti. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov “Kommersant” nashriga bergan intervyusida maʻlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Uning soʻzlariga koʻra, ilgari “Angara-A3” varianti koʻrib chiqilgan edi, biroq ayni paytda asosiy eʻtibor birinchi sinov parvozini amalga oshirgan “Soyuz-5” raketasiga qaratilgan. “Angara” oilasi yengil va ogʻir toifadagi raketa-tashuvchilarni oʻz ichiga oladi va ekologik jihatdan toza yoqilgʻi komponentlaridan foydalanadi.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yilda “Roskosmos”ning sobiq rahbari Dmitriy Rogozin “Angara-A3” ishlab chiqarilishi mumkinligini aytgan edi. Biroq Manturovning taʻkidlashicha, hozirda bu loyiha kun tartibida emas.
Rejaga koʻra, “Angara-A3” past yer orbitasiga 14–17 tonna foydali yuk olib chiqishi va mashhur Ukraina “Zenit” raketasining oʻrnini egallashi kerak edi. “Soyuz-5” esa eng kuchli suyuqlik bilan ishlaydigan RD-171 dvigateli bilan jihozlangan boʻlib, 18,5 tonnagacha yuk koʻtarish quvvatiga ega.





























Izohlar 0
…