Rossiyada sun’iy ayiq surati politsiyani soxta qidiruvga chiqardim

Rossiyada sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ayiq surati aholi orasida sarosima keltirib chiqardi. Hatto politsiya va yovvoyi hayvonlarni qidirish bo‘yicha mutaxassislar ham mavjud bo‘lmagan ayiqni izlashga majbur bo‘ldi. Oqibatda soxta tasvirni tarqatgan ayol jarimaga tortildi.
Voqea Rossiyaning Amur viloyatidagi Magdagachi qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, 21 yoshli mahalliy ayol ChatGPT yordamida qishloq ko‘chalarida yurgan katta qo‘ng‘ir ayiq tasvirini yaratgan. Ushbu suratni dastlab tanishiga hazil tariqasida yuborgan.
Biroq hazil kutilmagan tus olgan. Tasvir messenjerlar orqali tez tarqalib, mahalliy aholi orasida xavotir uyg‘otgan. Odamlar politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, aholi yashash hududida ayiq paydo bo‘lgani haqida xabar bera boshlagan.
Vaziyat jiddiy tus olgach, tuman rahbari yovvoyi hayvonlarni kuzatish va qidirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarni ham jalb qilgan. Ular mavjud bo‘lmagan ayiqni izlashga kirishgan.
Keyinchalik ayol tasvirni sun’iy intellekt yordamida o‘zi yaratganini tan olib, politsiyaga murojaat qilgan. Sud uni yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybdor deb topib, 15 ming rubl miqdorida jarima tayinlagan.
Qizig‘i, bu Rossiyadagi yagona holat emas. Sentyabr oyida Zabaykale o‘lkasida ham bir ayol sun’iy intellekt yordamida qishloq ko‘chasida ayiq yurgani aks etgan soxta suratni tarqatgan. Ushbu tasvir ham aholi orasida xavotirga sabab bo‘lgan. Natijada ayol 30 ming rubl jarimaga tortilgan.
Mazkur holatlar Rossiyada haqiqiy ayiqlar bilan bog‘liq xavf kuchaygan bir paytda sodir bo‘lgan. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil bahoridan buyon mamlakatda ayiqlar hujumi oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan.
Shu tariqa, oddiy hazil sifatida boshlangan sun’iy intellekt tasviri politsiya va maxsus xizmatlarning vaqtini olib, uni yaratgan insonlarga ma’muriy jarimaga sabab bo‘ldi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…