Yuventus Alisson transferidan voz kechib Emiliano Martinezga eʻtibor qaratdi

Turinning Yuventus klubi Liverpul darvozaboni Alisson Becker transferi borasidagi urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, bor eʻtiborini Emiliano Martinezga qaratdi. Braziliyalik posbon bilan shaxsiy kelishuvga erishilgani haqidagi xabarlarga qaramay, Mersisayd klubi oʻz yetakchisini sotishni istamayapti. Bu esa "keksa sinyora"ni yangi mavsum oldidan boshqa variantlarni koʻrib chiqishga majbur qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Liverpul Alisson bilan shartnomani yana 12 oyga uzaytirish bandini faollashtirdi va tarkibdagi barqarorlikni saqlab qolish niyatida. Angliya Premer-ligasi klubi bir qator tajribali oʻyinchilar ketganidan soʻng, asosiy darvozabonini qoʻyib yubormaslikka qaror qilgan. Shu sababli, Yuventus rahbariyati transfer bozorida muqobil nomzodlar roʻyxatini shakllantirdi.
Gazzetta nashrining xabariga koʻra, Aston Villa posboni va 2022-yilgi Jahon chempionati qahramoni Emiliano Martinez Turin klubi uchun asosiy nishonga aylangan. 33 yoshli argentinalik darvozabon yangi chorlovlar uchun ochiq ekanini bildirgan. Uning transfer qiymati taxminan 20 million yevroga baholanmoqda, biroq uning 6 million yevrolik yillik maoshi Yuventus uchun moliyaviy qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.
Shu bilan birga, turinliklar Tottenxem darvozaboni Guglielmo Vicario variantini ham kuzatib borishmoqda. 29 yoshli italiyalik posbon A Seriyaga qaytishni istamoqda. Vicarioning maoshi Emiliano Martinezga qaraganda ancha kam (yiliga 3-4 million yevro) ekani Yuventus rahbariyatining iqtisodiy rejalariga koʻproq mos keladi. Hozirda klub ushbu ikki nomzoddan birini tanlash arafasida turibdi.





























Izohlar 0
…