Napoli prezidenti Kevin De Bruyne va Romelu Lukakuni sotib yuborish bilan tahdid qildi

Napoli prezidenti Aurelio De Laurentiis jamoaning yulduz futbolchilariga keskin ogohlantirish yubordi. Klub rahbari sobiq murabbiy Antonio Conte bilan nizolashgan va ochiqchasiga norozilik bildirgan har qanday oʻyinchi, jumladan Kevin De Bruyne va Romelu Lukaku ham jamoani tark etishi mumkinligini shama qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Stadio Diego Armando Maradona atrofidagi vaziyat Kevin De Bruyne murabbiy ketganini ochiqchasiga nishonlaganidan soʻng yanada keskinlashdi. Oʻtgan yili Manchester Siti safidan erkin agent sifatida kelib qoʻshilgan belgiya oʻyinchi jarohatlar va taktik kelishmovchiliklar sababli Italiyadagi debyut mavsumida oʻzini koʻrsata olmadi. De Laurentiis matbuot anjumanida klub yoʻnalishidan norozi boʻlganlar uchun eshiklar ochiqligini taʼkidladi.
"Ular oʻz nuqtai nazaridan kelib chiqib turli bayonotlar berishdi. Yangi murabbiy bu borada nima deb oʻylashini koʻramiz. Agar kimdir ketishi kerak boʻlsa, u ketadi. Buning nimasi muammo? Dunyoda futbolchilar juda koʻp", — dedi kino magnati hisoblangan Napoli prezidenti.
Kevin De Bruyne oʻz intervyusida Antonio Conte qoʻllagan 4-5-1 taktikasi va oʻta himoyaviy uslub uning qarashlariga mos kelmaganini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, klub vaʼda qilingan hujumkor futbolni namoyish etmagan. Shu bilan birga, jamoaning boshqa bir yulduzi Romelu Lukaku ham intizomiy muammolar girdobida qolgan. Belgiya safida jarohatdan tiklanish jarayonida klub buyrugʻiga boʻysunmagani uchun u 150 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi.
Xabarlarga koʻra, Napoli rahbariyati Romelu Lukakuni Saudiya Arabistoni yoki Turkiya klublariga 10 million yevro evaziga sotib yuborishga tayyor. Jamoa boshqaruviga Massimiliano Allegri kelishi kutilayotgan bir paytda, hujumkor futbol tarafdori boʻlgan Kevin De Bruyne uchun vaziyat yanada murakkablashishi mumkin, chunki Allegri ham pragmatik uslubni afzal koʻradi.





























Izohlar 0
…