Apple oʻzining Messages for Business platformasiga ilk AI-agentni qoʻshdi

Sunʼiy intellekt agentlaridan foydalanishni oddiy SMS yuborish darajasida osonlashtirgan Poke startapi Apple kompaniyasining Messages for Business platformasida ishlash uchun ruxsat olgan birinchi AI-agentga aylandi. Shu paytgacha ushbu platforma faqat aviakompaniyalar, mehmonxonalar va yirik chakana savdo tarmoqlari kabi hamkor bizneslar uchun ochiq edi. Endilikda Apple oʻz ekotizimini sunʼiy intellekt agentlari uchun ham ochishni boshladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Mart oyida ishga tushirilgan Poke murakkab buyruqlar satri yoki OpenClaw kabi tizimlar bilan ishlashni istamaydigan oddiy foydalanuvchilar uchun moʻljallangan. U kunlik rejalashtirish, kalendarni boshqarish, salomatlik koʻrsatkichlarini kuzatish, aqlli uyni nazorat qilish va suratlarni tahrirlash kabi vazifalarni matnli xabarlar orqali bajaradi. TechCrunch maʼlumotlariga koʻra, xizmat hozirgacha SMS, Telegram va WhatsApp orqali 100 milliondan ortiq xabar almashgan.
Poke loyihasining Apple platformasiga chiqishi kutilayotgan Worldwide Developers Conference (WWDC) anjumani arafasida yuz berdi. Ushbu tadbirda Apple kompaniyasi Siriʼning sunʼiy intellekt bilan boyitilgan yangi talqinini va boshqa AI vositalarini taqdim etishi kutilmoqda. Messages for Business orqali foydalanuvchilar iMessage interfeysida kompaniyalar bilan bogʻlanib, qoʻngʻiroq qilmasdan turib turli xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
The Interaction Company of California startapi asoschilaridan biri Marvin von Hagenning soʻzlariga koʻra, kompaniya Appleʼga har bir foydalanuvchi uchun haq toʻlaydi. Uning taʼkidlashicha, Apple ushbu yoʻnalishni daromadli biznes modeliga aylantirmoqda. Apple ruxsatini olish uchun startap oʻzining AI-agent ekanligini aniq koʻrsatishi va kerak boʻlganda jonli operator yordamini taqdim eta olishini isbotlashi kerak boʻldi.





























Izohlar 0
…