265 metrlik tunneldan 45 million dollarlik yuk topildi

265 metrlik tunneldan 45 million dollarlik yuk topildi
Audio versiyasi

Meksika xavfsizlik idoralari AQSH bilan chegara hududida joylashgan yirik yerosti tunnelini fosh qildi. Tergovchilarning fikricha, ushbu maxfiy yo‘lak orqali giyohvand moddalar, qurol-yarog‘ va boshqa taqiqlangan yuklar noqonuniy ravishda tashib kelingan bo‘lishi mumkin.

Meksika Bosh prokuraturasi ma’lum qilishicha, tunnel 31 may kuni Tixuana shahri yaqinida aniqlangan. Uning AQSH hududigacha yetib borishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yerosti yo‘lagining uzunligi qariyb 265 metr, chuqurligi esa 6 metrdan ortiqni tashkil etadi. E’tiborlisi, tunnel zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, unda yoritish tizimi, havo almashtirish uskunalari hamda yuklarni tashish uchun maxsus elektron mexanizmlar mavjud bo‘lgan.

Tezkor tadbirlar davomida qiymati taxminan 45 million dollarga baholangan 1029 kilogramm kokain, shuningdek, metamfetamin, marixuana, o‘q-dorilar va turli hujjatlar musodara qilindi.

AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlari ushbu operatsiyani mamlakatdagi eng xavfli jinoiy guruhlardan biri sanalgan “Xalisko – Yangi avlod karteli” faoliyatiga berilgan jiddiy zarba sifatida baholamoqda.

Mazkur ish doirasida to‘rt nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Ularga giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy tunnellardan foydalanish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. Agar sud ularning aybini isbotlasa, gumonlanuvchilar umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Meksika prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tunnel AQSHning San-Diyego shahridagi ko‘chalardan biriga tutashishi mumkin. Biroq uning Amerika tomonidagi aniq chiqish nuqtasi hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.

Rasmiylar ikki davlat chegarasidagi yerosti kontrabanda tarmoqlariga qarshi kurash yanada kuchaytirilishini bildirmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar