180 metr balandlikdagi sinov dorbozni titratdi

Estoniyalik dorboz Yaan Ruz Polshadagi 310 metrli Varso minorasi va 237 metr balandlikdagi Madaniyat va fan saroyi o'rtasida tortilgan arqon bo'ylab muvaffaqiyatli yurib o'tdi. U 180 metr balandlikda joylashgan arqon bo'ylab qariyb 500 metr masofani bosib o'tdi. Ruz sinovdan so'ng bu jarayonning qiyinligini tan olib, kuchli shamol tufayli bir necha bor to'xtab, kuch to'plashga majbur bo'lganini aytdi. U ekstremal chiqishlari bilan tanilgan va 2024 yilda Bosfor bo'g'ozidan o'tgan birinchi inson sifatida tarixga kirgan.
Estoniyalik mashhur dorboz Yaan Ruz Polshadagi eng baland ikki bino orasiga tortilgan arqon bo‘ylab muvaffaqiyatli yurib o‘tdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Sportchi Varshava shahridagi 310 metrli Varso minorasi hamda 237 metr balandlikdagi Madaniyat va fan saroyi o‘rtasida tortilgan arqondan harakatlangan. U yerdan taxminan 180 metr balandlikda joylashgan arqon bo‘ylab qariyb 500 metr masofani bosib o‘tgan.
Yaan Ruz chiqishdan keyin tashqi tomondan xotirjam ko‘ringan bo‘lsa-da, bu sinov ancha og‘ir kechganini tan oldi.
“Men hali ham qaltirayapman. Bu mutlaqo oson emasdi. Bunday sinov insondan o‘z imkoniyatlarini chuqur anglashni va chegaralarni kengaytirishni talab qiladi”, dedi u.
Dorbozning aytishicha, yo‘l davomida uch marta murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Ayniqsa, masofaning ikkinchi qismida kuchli shamol uni jiddiy qiyin ahvolga solgan. Shu sababli u bir necha bor to‘xtab, kuch to‘plashga majbur bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Yaan Ruz ekstremal chiqishlari bilan keng tanilgan. U 2024 yilda Bosfor bo‘g‘ozi ustidan tortilgan qariyb 1,1 kilometrli arqondan o‘tib, Osiyodan Yevropaga shu usulda o‘tgan birinchi inson sifatida tarixga kirgan edi. Uch karra jahon chempioni hisoblangan sportchi arqonda orqaga ikki marta o‘mbaloq oshishni uddalagan yagona atlet sifatida ham e’tirof etiladi.






























Izohlar 0
…