17 yoshli qizni “Damas”da o‘g‘irlashga uringan yigit sudlandi

17 yoshli qizni “Damas”da o‘g‘irlashga uringan yigit sudlandi
Audio versiyasi

Buxoro viloyati Olot tumanida voyaga yetmagan qizni nikohga majburlash maqsadida olib qochishga uringan yigit sudlandi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, N. ismli yigit 2025 yil fevral oyida Telegram orqali 2007 yilda tug‘ilgan R. bilan tanishib, u bilan muntazam muloqot qilib kelgan.

Joriy yil 12 fevral kuni Olot tumanidagi mahalla hududida uchrashuv vaqtida N. qizga birga qochib ketishni taklif qilgan. R. rozi bo‘lmaganidan so‘ng, u qizni zo‘rlik bilan «Damas» avtomashinasiga mindirib olib ketishga uringan.

Qiz qarshilik ko‘rsatib, avtomashina eshigiga oyog‘ini tirab olgan. Shu vaqt atrofdagilar vaziyatga aralashgan va qiz qutqarib qolingan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining yelka, bilak, son va boldir qismida yengil tan jarohatlari aniqlangan.

Sudda N. aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini aytgan. Jabrlanuvchi esa uni kechirmasligini va u bilan yarashmasligini bildirgan.

Sud hukmi bilan N. Jinoyat kodeksining 136-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Shuningdek, unga internetdan foydalanmaslik, ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik, alkogolli ichimlik iste’mol qilmaslik va Buxoro viloyati hududidan chiqmaslik kabi cheklovlar yuklatilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Charos
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

17 yoshli qizni “Damas”da o‘g‘irlashga uringan yigit sudlandi – Zamin.uz, 03.06.2026