
Dmitriy Yagodkin / TASS / Profimedia
Donetskdan gʻarbdagi Selidove shahri egallanganidan keyin Rossiya armiyasi Kuraxovoni oʻrab olish boʻyicha amaliyotga kirishdi — bu Ukraina qoʻshinining Donbass janubiy qismidagi asosiy logistik habi hisoblanadi. RF qurolli kuchlari allaqachon mexanizatsiyalashgan kolonna bilan ushbu shahar sharqiy chekkasiga kirib kelgan, bu hujum davomida koʻplab texnikalar boy berilgan. Xuddi shu vaqtda boshqa guruhlar Kuraxovoga shimol (Selidove tomondan) va janubdan (Vuhledar orqali) hujum qilmoqda.
Ukraina mudofaasi ayniqsa janubdan qilinayotgan hujum qarshisida ojiz koʻrinmoqda — Vuhledardan tartibsiz chekingan va endilikda Kuraxovo janubini qoʻriqlayotgan brigadalar holdan toygan holatda. Zaporijjya oblastidan olib kelingan zaxira kuchlar ham yordam bermayapti. Bu vaqtda esa Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qoʻshinining chegara boʻylab Sudja tomon yurishini toʻxtatishga muvaffaq boʻlgan.
Kursk oblasti
Vladimir Putin oʻtgan haftada Kursk oblastida ikki ming ukrainalik harbiy xizmatchi qurshovga tushib qolgani haqida aytgandi. Katta ehtimol bilan, u Korenevo rayoni markazidan shimoli-gʻarbdagi Olgovka qishlogʻidan chekinib, Korenevo — Sudja yoʻli yoqasidagi oʻrmonzorga yashiringan bir necha yuz kishini nazarda tutgan.

E'lon qilingan videolarga koʻra, Ukraina qurolli kuchlari Korenevodan Sudjaga olib ketuvchi yoʻl ustidan nazoratni boy bergan boʻlsa ham, hech qanday qurshov holati yoʻq: Malaya Loknyadan dalalar va jarliklar oralab oʻtuvchi yoʻlni hamon Ukraina qurolli kuchlari nazorat qilmoqda.
Ukraina qoʻshini Olgovka tomon qarshi hujum qilishga urinishlarini davom ettirmoqda, bunda Pokrovsk atrofidan olib kelingan hamda Abrams tanklari va Bradley zirhli mashinalari bilan qurollangan 47-mexanizatsiyalashgan brigada batalyonlari jangga tashlanmoqda. Ammo Novoivanovka qishlogʻi va v Zeleniy Shlyax xutori uchun janglardan keyin Rossiya qoʻshini oʻz pozitsiyalarini saqlab qolmoqda.
Rossiya qoʻshini Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi platsdarmiga sharqdan ham hujum qilmoqda. Bir hafta oldin Sudjadan janubdagi Plexovo qishlogʻiga zirhli texnikalar kolonnasi bilan yurish qilish muvaffaqiyatsizlikka uchragandi, endi esa RF qurolli kuchlari zirhli texnikalari ukrainlar shiddat bilan oʻqqa tutganiga qaramay, shahardan sharqdagi Russkaya Konopelkaga bostirib kirishgan.
Rossiya yurishining asosiy maqsadi — Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi guruhiga ta'minot etkazib beriladigan, Sumidan Sudjaga olib boruvchi yoʻl hamda chegaradagi «Sudja» nazorat-oʻtkazish punktidir. RF qurolli kuchlari bu maqsadga erishishdan hali ancha uzoqda: yurish asta-sekinlik bilan kechmoqda — Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga sentyabrdan buyon hujum qilayotgan Rossiya qoʻshini besh—etti kilometr masofani bosib oʻtganidan keyin har safar pauza qilishga, artilleriya, front orti bazalari hamda zaxira kuchlarni tortib kelishga majbur boʻlmoqda. Bu esa Ukraina qurolli kuchlari Sudja atrofidagi mudofaa chizigʻini yaxshiroq tashkil etish imkonini beradi, katta ehtimol bilan, ular bu erda Rossiya kuchlarini ushlab turishga harakat qiladi.
Selidove, Kuraxovo va Vuhledar
Rossiya armiya Pokrovsk janubidagi kattagina Selidove shahrini osonlik bilan egallab oldi. Buning uchun soʻnggi oylardagi standart operativ usul qoʻllandi: shahar uch tomondan qurshab olindi, uning chekkalaridagi tepaliklar egallandi, shundan keyin Ukraina boʻlinmalari toʻliq qurshovga tushmaslik uchun pozitsiyalarini tark etishdi.
Selidovedan janubi-sharqdagi Gornyak shaharchasi ham shu tarzda egalladi. Endi Rossiya armiyasi deyarli qurshov holatidagi Kuraxovka posyolkasi hamda Selidove va Kuraxovo suv ombori oraligʻidagi qishloqlarni shturm qilmoqda.

RF qurolli kuchlari yaqin vaqtlar ichida shimoldan keng front boʻylab Kuraxovo suv ombori tomon harakatlanib, uning gʻarbiy qismidagi ukrain qoʻshinini chekintirishi kutilmoqda.
Suv omboridan keyin Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubiy qismidagi eng yirik transport habi — Kuraxovo shahri joylashgan. Rossiya qoʻshini allaqachon uning sharqiy chekkalariga etib kelgan, ammo shahar «roʻparadan» shturm qilinishi dargumon.
Katta ehtimol bilan, shahar shimol (suv omborining gʻarbiy chekkasiga etib borish bilan), sharq va janubdan oʻrab olinadi — Kuraxovoga janubdan Rossiyaning yaqinda Vuhledarni egallab olgan Sharqiy harbiy okrugiga mansub yirik qoʻshini jadal harakatlanmoqda.
Vuhledar egallangach, frontning janubiy uchastkasida bir necha haftalik sukunat hukm surdi. Ammo oktyabr oyi oxirida RF qurolli kuchlari yangidan kuchli yurish boshladi. Rossiya boʻlinmalari shimolga, Kuraxovo tomonga uch guruhga boʻlinib harakatlanmoqda. Yoʻl-yoʻlakay Vuhledar boy berilganidan keyin Ukraina batalyonlari chekingan qishloqlar ham egallandi: Shaxterske va Bogoyavlenka. Buning ortidan Shaxterskedan shimoldagi Yasnaya Polyana qishlogʻi mudofaasi ham quladi. Bogoyavlenka va Shaxterske oraligʻidagi Novoukrainka uchun janglar davom etmoqda. Umuman olganda, rus qoʻshini shimol tomon sakkiz-toʻqqiz kilometr ilgarilagan.
Ukraina qurolli kuchlari qoʻmondonligi Shaxterske mudofaasi uchun Zaporijjya atrofidan 128-togʻ-shturm brigadasi boʻlinmalarini olib kelgan, ammo ular hozircha Rossiya yurishini toʻxtata olmayapti.
Kuraxovo boy berilishi bilan amalda Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubida Velika Novosilkadan Selidovega qadar hududdagi qarshiligiga butunlay barham beriladi.
Chasiv Yar
RF qurolli kuchlari bir necha oy oldinroq Chasiv Yar yaqinidan oʻtgan Severskiy Donets — Donbass kanalini kechib oʻtgandi. Ammo shahar chekkasidagi binolar oralab harakatlanish haddan tashqari sekin boʻldi: soʻnggi oylarda Rossiya qoʻshini shahar sharqidagi faqat bir necha koʻchani egallay oldi.

20 oktyabrda RF qurolli kuchlari kutilmaganda kanal orqali Chasiv Yar janubiga oʻtib, uning janubiy chekkalarini egalladi. Endi Ukrainaning Chasiv Yardagi guruhi ta'minoti amalga oshiriladigan, Toretsk va Konstantinovkaga olib boriladigan asosiy yoʻllar xavf ostida qolgan.
Kupyansk va Svatove
RF qurolli kuchlari bir necha oy davom etgan «sudraluvchi» yurishdan keyin bu amaliyotning birinchi galdagi vazifasini hal qilib, Oskol daryosiga etib keldi, ushbu daryo yoqalab Ukrainaning Kupyanskning sharqiy sohilidagi qismidagi qoʻshinini Borovaya posyolkasi bilan bogʻlovchi ta'minot yoʻli oʻtgan.
Bu muhim yoʻl hisoblanadi, chunki Rossiya aviatsiyasi muntazam ravishda Oskol orqali oʻtuvchi kechuv moslamalarini yakson etadi — bu esa Ukraina qurolli kuchlarini ta'minotni va qoʻshimcha kuchlar etkazib berishni sharqiy sohil boʻylab amalga oshirishga majbur qiladi.

Endi RF qurolli kuchlari keyingi vazifani hal qilish imkoniyatiga ega: Kupyanskka uch yoʻnalishda hujum qilish va daryo boʻylab janubga, Borovaya tomon harakatlanish. Oskol daryosini kechib oʻtishga ham urinib koʻrish mumkin.
Hozircha Rossiya qoʻshini Oskol sohilidagi Kolesnikovka va Kruglyakovka qishloqlaridagi platsdarmni kengaytirish bilan mashgʻul.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar