07:49 / 07.02.2025
373

Zelenskiyning Putin bilan muzokaralarga tayyorligi haqidagi soʻzlarini qanday tushunish mumkin?

Zelenskiyning Putin bilan muzokaralarga tayyorligi haqidagi soʻzlarini qanday tushunish mumkin?
Foto: svoboda.org
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida agar bu tinchlikka erishish uchun yagona variant boʻlsa, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga oʻtirishga tayyorligini aytdi. Zelenskiy soʻnggi haftalarda ehtimoliy tinchlik muzokaralari mavzusidagi barcha bayonotlari ikki maqsadni koʻzlaganga oʻxshamoqda: bunday muzokaralarga maksimal darajadagi tayyorligini namoyish etish hamda ularning davomida oʻz pozitsiyasini moslashtira olishini bildirish.

Koʻpchilik, jumladan Pirs Morgan ham Ukraina prezidentining hozirgi soʻzlari Kiyevning katta urushning uch yili davomida bir necha bor Zelenskiyning oʻzi tomonidan yangragan rasmiy pozitsiyasiga zid kelishiga e'tibor qaratgan.

Ammo aftidan, bu Zelenskiyni tashvishlantirmayapti. Qolaversa, uning «temirbeton» pozitsiyasi muayyan optikada oʻzgartirilishi Ukrainaning kuziri sifatida qaralishi mumkin. Axir hozirda ukrainlar prezidenti, mohiyatan, oddiy maksimumni translyatsiya qilmoqda: men urushni toʻxtatish va uning qaytalanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barchasiga roziman. Va agar buning uchun oʻzim oldin aytgan soʻzlarimni qaytib olishim kerak boʻlsa, buni ham qilaman.

2022 yil kuzidayoq Zelenskiy Vladimir Putin bilan muzokara oʻtkazish imkonsizligi haqidagi farmonini imzolagandi.

Bugungi kunda Rossiya prezidentining Ukrainaning toʻrt regionini anneksiya qilish qaroriga bu tarzda keskin reaktsiya koʻrsatish notoʻgʻri boʻlmaganmi, bu Kiyev uchun manyovrlar imkoniyatini cheklab qoʻymaganmi deb uzoq bahslashish mumkin. Fakt shuki, Zelenskiyning ushbu farmoni haqida oxirgi vaqtlarda koʻpincha aynan Vladimir Putin eslatmoqda: men Ukraina bilan muzokaralarga qarshi emasman, ammo ularning oʻzi buni taqiqlab qoʻygan.

Ammo prezident tomonidan qabul qilinadigan qarorlar uning oʻzi tomonidan bekor qilinishi mumkin emas va Zelenskiy Morganga bergan intervyusida aytgan soʻzlari bilan aynan shuni nazarda tutgan: «Agar bu Ukraina fuqarolariga tinchlik olib keladigan va odamlarni yoʻqotmaydigan yagona konfiguratsiya boʻlsa, biz, shubhasiz, bu [Putin bilan] uchrashuv konfiguratsiyasiga koʻnamiz». U yana shunday qoʻshimcha qilgan: «Bu qotil bilan gaplashishning oʻziyoq — murosa».

Ya'ni, Zelenskiy oʻz tomonidan muammo yoʻqligini aytmoqda: Kelinglar, Ukraina, Rossiya, AQSh va Evroittifoq vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil qilaylik va kim tinchlikni, kim esa urushni xohlayotganini gaplashaylik.

Putinning oʻzi oʻtgan haftada Zelenskiy bilan toʻgʻridan toʻgʻri gaplashmasligi, ammo «bunday muzokaralarni olib boradigan odamlarni ajratish»ga tayyorligi va bu ushbu jarayondagi alohida syujet liniyasi boʻlishini aytgandi. Rossiya prezidenti Zelenskiyni nelegitim, hech qanday tinchlik muzokaralari imzolash huquqiga ega boʻlmagan, «muddati oʻtgan» prezident deb atagan.

Intervyuda ushbu masala ham koʻtarilgan. Bunga javoban Zelenskiy Ukraina rasman Vladimir Putinni Rossiyaning legitim prezidenti deb tan olmasligini eslatishi mumkin edi, ammo bunday qilmadi.

Buning oʻrniga vazminlik va murosaga tayyorligini namoyish etgan holda Rossiya rahbari keng koʻlamli bosqindan oldingi ikki yil mobaynida, Zelenskiyning legitimligi Moskvadagilarda hech qanday shubha uygʻotmagan davrda u bilan muzokara oʻtkazishdan astoydil qochib yurganini eslatgan.

Bundan tashqari, navbatdagi marta ukrain askarlari uyiga qaytishi va ovoz berish imkoniyatiga ega boʻlishi bilan Ukrainada saylovlar oʻtkazishga tayyorligini — ya'ni barchasi aslida Putinning qoʻlida ekanini bildirgan.

Ammo Rossiya prezidenti pozitsiyasi qanday boʻlishidan qat'i nazar, Zelenskiyning legitimligi Donalda Tramp va jahondagi boshqa davlatlar etakchilarida hech qanday shubha uygʻotmayapti.

Ukraina pozitsiyasini qanday oʻzgartirmoqda?

Ukrainaning bu muzokaralardagi muzokara pozitsiyasi ham yumshaydi. 2022-23 yillarda Zelenskiy oxirgi rossiyalik askar etigi Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralarini tark etmagunicha, Rossiya bilan qandaydir muzokaralar haqida gap boʻlishi mumkin emasligini aytardi.

Zelenskiy oʻz bayonotini Rossiya qoʻshinlari yurishi va Ukraina shaharlari muntazam oʻqqa tutilishi fonida berdi
Gʻarbdagi koʻplab sharhlovchilar ham oʻshandayoq muzokaralarni boshlash uchun bu shartni maksimalistlik va erishilishi dargumon deb atashgandi. Oʻtgan vaqt mobaynida (Rossiyaning mamlakat sharqidagi hujumlari kuchayishi barobarida) bu ovozlar balandroq yangray boshladi.

Pirs Morganga intervyusida Volodimir Zelenskiy boshqa pozitsiyada turdi: «Bugun biz barcha hududlarimizni qaytara olmaymiz. Shubhasiz, biz adekvat odamlarmiz. Bizx erishilishi aniq boʻlmagan natija uchun millionlab odamlarimizni qurbon qila olmaymiz».

Shu bilan birga, Zelenskiy, harbiy atamalar bilan ifodalaganda, oldindan tayyorlangan pozitsiyalarga chekinmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina oʻz hududining bir qismini vaqtincha ishgʻol etilishiga koʻnadi, ammo bosib olingan erlar Rossiyaga tegishliligini yuridik jihatdan hech qachon tan olmaydi. «Vaqt oʻtishi bilan biz baribir erimizni qaytarib olamiz», — deydi Zelenskiy.

Kuzatuvchilar esa buning natijasida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan konstruktsiya haqida fikr yuritib, 1940 yilda sovet ittifoqi tomonidan bosib olingan Boltiqboʻyi davlatlari bilan oʻxshashliklarni keltirishmoqda.

Gʻarb davlatlari bu hududlar «sovetlar» tomonidan qoʻshib olinganining legitimligini hech qachon tan olmagan, ammo bu ularga Moskva bilan munosabatlar oʻrnatishga toʻsqinlik qilmagan. SSSR parchalanganidan keyin esa ular Litva, Latviya va Estoniya mustaqillikka erishganini shunchaki mamnuniyat bilan qarshilashgandi.

Vladimir Putinga bunday oʻxshashlik yoqadimi? Dargumon. Ammo shuni aytish mumkinki, Zelenskiy tinchlik oʻrnatilishi uchun murosa tomon qadam tashladi. Rossiya prezidenti ham bunga tayyormi?

Yadroviy qurol va NATOga a'zolik

Kiyev ritorikasidagi oʻzgarishlarning yana bir belgisi — oʻtgan yil dekabrida Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga e'lon qilgan muzokaralar pozitsiyasi yumshatilganidir. Oʻshanda u Kiyev Ukrainaning NATOga a'zo boʻlishiga muqobil sifatida koʻriladigan xavfsizlik kafolatlarining har qanday formatidan oldindan bosh tortishini aytgandi.

Kiyevdagilar Zelenskiyning soʻnggi gaplari koʻp jihatdan Tramp va uning jamoasiga qaratilgan deb hisoblaydi
Hozir esa Zelenskiy bajarilishi Ukrainaning NATOga a'zoligi oʻrniga oʻtadigan shartlar roʻyxatini keltirmoqda — hech boʻlmaganda, hozircha. Ukrainaga xorijlik harbiylar kontingentini joylashtirish va unga jiddiy mudofaa yordami taqdim etish bilan birgalikda, Zelenskiy Ukrainaga yadroviy qurolni qaytarish zarurligi haqida ham gapirdi — va Pirs Morgan bu iborani intervyuning bosh sarlavhasi qilib chiqardi.

Ammo bunga nutq figurasi sifatida qarash kerak: Kiyev NATOdan voz kechishga tayyor, chunki bu Vladimir Putin uchun muhim, ammo buning oʻrniga uni yangi katta urushdan sugʻurta qiladigan haqiqiy «yadroviy» xavfsizlik kafolatlarini talab qiladi.

Ya'ni, kontakt guruhlarining tuganmas uchrashuvlari, kuchlarni tarqatish va kelishuv bandlarini bajarish ketma-ketligi boʻyicha rasmiyatchilikni oʻz ichiga oluvchi «vegetarian» «Minsk kelishuvlari-3» Kiyevga toʻgʻri kelmaydi. Nima mos keladi? Keling, muhokama qilaylik, Ukraina bunga tayyor, deydi Zelenskiy.

Xulosa qiladigan boʻlsak, Volodimir Zelenskiy nechanchi marta muzokaralarga tayyorligini, bu muzokaralar davomida murosaga kelishga ham tayyorligini aytmoqda. Yuqorida ushbu murosalar roʻyxati keltirilgan va u juda ta'sirli koʻrinadi: Kiyev yaqingacha ham printsipial boʻlib koʻringan koʻplab talablaridan voz kechdi.

Asosiy adresat — Trampmi?

Kiyevda Zelenskiyning ingliz tilidagi barcha intervyulari manzili AQShning yangi prezidenti Donald Tramp va uning jamoasi deb hisoblashadi. Trampning atrofidagilar tasavvurida Ukrainadagi urushni tugatishning yagona yoʻli mavjud: ikki tomon ham yon berishi kerak, agar qaysidir tomon qaysarlik qilsa, unga nisbatan unchalik tushunarli boʻlmagan, ammo dahshatli nomga ega boʻlgan «tinchlik kuch orqali» doktrinasi qoʻllanadi.

Hozirda Zelenskiy bu murosaga tayyorlik Vashingtondagilar tomonidan qadrlanishiga va Amerika Kiyevga kuch ishlatmasligiga ishonib harakat qilmoqda. Va «Ukraina masalasida» Volodimir Zelenskiyni chetlab oʻtgan holda Rossiya bilan muzokaralar olib bormasligiga — bu nafaqat Kiyevning, balki butun Evropaning yana bir katta qoʻrquvi.

Nima boʻlganda ham, biz Donald Tramp jamoasining Rossiya boshlagan urushni tugatish yoʻllari boʻyicha aniq ishlari haqida hali hech narsa eshitmadik. Ammo kutishga koʻp vaqt qolmadi: kelasi haftadayoq, BBC ma'lumotlariga koʻra, AQShning Ukraina va Rossiya masalalari boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog Ukraina vakillari bilan birinchi rasmiy uchrashuv oʻtkazadi.

Keyin esa Vashingtonning rejalari 14–16 fevral kunlari oʻtkaziladigan xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferentsiyasida taqdim etiladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo