
Isroil Suriya va Livan chegarasida joylashgan “Hizbulloh” tunneliga zarba berdi. Mazkur tunneldan qurol kontrabandasi uchun foydalanilgani aytilmoqda. Bu haqda Isroil mudofaa armiyasiga tayanib Daryo xabar berdi.
Isroil razvedkasining ta'kidlashicha, ob'ekt Bekka hududida qurol etkazib berish uchun ishlatilgan va avval ham hujumlarga uchragan. Hujumda xavfsizlikka “toʻgʻridan toʻgʻri tahdid” solgan bir nechta oʻq-dorilar va raketa qurilmalari omborlari yoʻq qilingan.

Arxiv foto: “Hizbulloh”ning eng uzun transchegaraviy hujum tunneli / Isroil Mudofaa kuchlari
Operatsiya Isroil va Livan oʻrtasidagi otashkesimga qaramay oʻtkazilgan. Isroil armiyasi tahdidlarni bartaraf etish va guruhning harbiy salohiyatini tiklashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan harakatlarni davom ettirishga tayyorligini aytgan.
Isroil va “Hizbulloh” kelishuvi
2024 yil 27 noyabrda Isroil va Livan oʻrtasida deyarli 14 oy uzluksiz davom etgan hujumlardan soʻng Amerika tomonidan taklif etilgan kelishuv asosida oʻt ochishni toʻxtatish tartibi kuchga kirdi. Bitimni tasdiqlashdan oldin isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu xalqqa murojaat qilib, shimoliy frontda oʻt ochishni toʻxtatish zarurligini tushuntirdi. U “Hizbulloh” tomonidan sulh buzilgan taqdirda Isroil javob qaytarib, harbiy harakatlarni qayta boshlashini ta'kidladi.
AQSh taklif etgan kelishuv rejasiga koʻra, 60 kun ichida Livan armiyasi mamlakat janubidagi hududlarni egallashi, “Hizbulloh” kuchlari va infratuzilmasi esa Isroil chegarasidan 20-30 kilometr masofada joylashgan Litani daryosining shimoliy qismiga oʻtkazilishi kerak.
Biroq mazkur sulhni yahudiy davlati birinchilardan boʻlib buzdi
Yanvar oyida Isroil harbiylari Livan janubidagi oʻz kuchlarini olib chiqishi kerak boʻlgan Aytarun aholi punktida uylarni yoqib yuborib, oʻt ochishni toʻxtatish qoidalarini buzdi. Isroil qoʻshinlari toʻliq olib chiqib ketilmaguncha va vaziyat barqarorlashmaguncha, fuqarolarga Aytarunga qaytish taqiqlangan.
Netanyaxu idorasi ta'kidlashicha, Isroil kuchlarini olib chiqish jarayoni Livan armiyasining mamlakat janubida joylashishi hamda “Hizbulloh” kuchlari va infratuzilmasini Litani daryosining shimoliga surib, kelishuvga toʻliq va samarali rioya etilishini ta'minlashi bilan bogʻliq.
Livan tomonidan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi hali toʻliq bajarilmaganligi sababli, bosqichma-bosqich chiqish jarayoni Qoʻshma Shtatlar bilan toʻliq muvofiqlikda davom ettiriladi, deya aniqlik kiritdi bosh vazir idorasi.
Livan Sogʻliqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga koʻra, 26 yanvardan beri Isroil armiyasi hujumlari oqibatida 28 kishi halok boʻlgan, 216 kishi jarohatlangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar