33 mamlakat aholisiga urush holatiga tayyor turish tavsiya etildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Dunyoning 33 ta davlati o'z fuqarolariga ehtimoliy urush, kiberhujumlar va boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyor turishni tavsiya qilmoqda.
- AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Meksika, Shvetsiya, Norvegiya, Hindiston, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi mamlakatlar aholidan kamida 72 soatdan 10 kungacha yetadigan oziq-ovqat va suv zaxirasini saqlashni so'ramoqda.
Newsweek nashri xabar berishicha, dunyoning 33 ta mamlakati aholiga ehtimoliy urush, yirik kiberhujumlar va boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyor turishni tavsiya qilmoqda. Ushbu davlatlar qatorida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Meksika, Shvetsiya, Norvegiya, Hindiston, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi mamlakatlar bor.
Ko‘pchilik davlatlar fuqarolarga kamida 72 soatga yetadigan oziq-ovqat va suv zaxirasini tayyorlab qo‘yishni maslahat bergan. Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Meksika va Niderlandiyada uch kunlik zaxira tavsiya etiladi. Shvetsiya va Norvegiyada bu muddat taxminan bir haftani tashkil etadi. Germaniya esa aholiga 10 kunga yetadigan zaxira tayyorlashni tavsiya qilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatning fuqaro muhofazasi xizmati hatto uch kunlik zaxira ham favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirishini ta’kidlaydi. AQSHda ham bir necha kunga yetadigan oziq-ovqat va boshqa zarur buyumlarni saqlash tavsiya qilingan. Hindistonda esa favqulodda holatlar uchun maxsus to‘plam tayyorlashga chaqirilgan.
Ushbu tavsiyalar faqat harbiy mojarolar bilan cheklanmaydi. Ular tabiiy ofatlar, elektr energiyasining uzoq vaqtga o‘chishi, suv ta’minotidagi uzilishlar va muhim infratuzilmaga kiberhujumlar kabi xavflarni ham qamrab oladi. Bunday holatlarda do‘konlar faoliyati to‘xtashi, mahsulot yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi, to‘lov tizimlari va axborot xizmatlaridan foydalanish qiyinlashishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi ham aholiga favqulodda vaziyatlarda dastlabki 72 soat davomida mustaqil harakat qila olish uchun zarur zaxiralarni tayyorlashni tavsiya qilgan. Buyuk Britaniyada ham xonadonlarda kerakli mahsulot va buyumlarni oldindan saqlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Tavsiya etilgan zaxiralar qatoriga ichimlik suvi, uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat, zarur dorilar, fonar, qo‘shimcha batareykalar va radio kiradi. Elektr energiyasi yoki mobil aloqa uzilgan taqdirda radio orqali rasmiy ogohlantirish va xabarlarni olish mumkin. Zaxira miqdorini esa oila a’zolari soni, ovqatlanish ehtiyojlari va doimiy qabul qilinadigan dorilarga qarab belgilash tavsiya etiladi.
Germaniya fuqaro muhofazasi xizmati zaxiralarni birdaniga emas, balki asta-sekin to‘ldirib borishni maslahat beradi. Chunki bunday tayyorgarlik nafaqat urush yoki kiberhujumlar, balki suv toshqini, bo‘ron, qattiq sovuq va elektr ta’minotidagi uzoq uzilishlar vaqtida ham foydali bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, mazkur tavsiyalar urush yaqinlashganini anglatmaydi. Ular aholining turli favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishga qaratilgan.






























Izohlar 0
…