23:54 / 21.02.2025
670

Putin Abramovichni Ukraina boʻyicha muzokarachilar guruhiga kiritmadi

Putin Abramovichni Ukraina boʻyicha muzokarachilar guruhiga kiritmadi
Foto: TASS
Milliarder Roman Abramovich Putin tomonidan Donald Tramp ma'muriyati bilan muzokaralar olib borish vazifasi yuklangan guruhga kiritilmadi. 58 yoshli Abramovich bundan oldin RFning Gʻarb va Ukraina bilan aloqalarida «Kremlning norasmiy vakili» rolini bajargan, deb yozadi The Moscow Times. Milliarder 2022 yilda «gʻalla bitimi»ning tuzilishida, 2023 yilda harbiy asirlar almashinuvi va Ukrainadan olib chiqib ketilgan bolalarning qaytarilishida ishtirok etgan.

Nashrning vaziyatdan xabardor manbasiga koʻra, Abramovichning asosiy funktsiyasi u bir vaqtning oʻzida Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan aloqada boʻlganida edi. Ammo endilikda ushbu «plyuslar»ga ehtiyoj yoʻq. «Kreml endi Ukraina prezidenti bilan oʻzaro munosabatlardan manfaatdor emas», — deydi manba.

Saudiya Arabistonida Amerika delegatsiyasi bilan oʻtkazilgan muzokaralarga Putin TIV rahbari Sergey Lavrov, oʻzining tashqi siyosat boʻyicha yordamchisi Yuriy Ushakov, shuningdek, Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi rahbari Kirill Dmitriyevni yuborgan. Dmitriyev Putinga oilaviy aloqalari sabab yaqin: u Putinning kenja qizi Ekaterina Tixonovaning yaqin doʻsti va biznes sherigi Natalya Popovaga uylangan.

Shuningdek, Ar-Riyodda Tramp bilan bevosita bitimlar tuzishda tajribaga ega milliarder Dmitriy Ribolovlev ham koʻzga tashlangan. 2008 yilda u Trampdan Palm-Bichdagi mulkini 95 million dollarga sotib olgan — oʻsha vaqtda bu summa Florida koʻchmas mulk bozori uchun rekord oʻrnatgandi. Ribolovlev bilan bitim Trampga deyarli 100 foizli daromad keltirgan — amerikalik biznesmen ushbu koshonani 2004 yilda 41,3 million dollarga sotib olgandi.

Rossiyaning muzokarada ishtirok etuvchilar jamoasi Kremldan Amerika delegatsiyasi bilan «maksimal darajada doʻstona boʻlish» va hatto AQSh hamda shaxsan Trampga «maqtovli munosabat» koʻrsatish topshirigʻini olgan. Manbalarning soʻzlariga koʻra, Moskva Vashington mamlakatning muzlatilgan aktivlarini (6 milliard dollar) blokdan chiqarishga, shuningdek, sanktsiyalarning bekor qilinishi va Obama ma'muriyati davrida olib qoʻyilgan diplomatik dachalarning qaytarilishida yordam berishiga umid qilmoqda.

The Moscow Times manbalarining ta'kidlashicha, jamoa vaziyatga qarab kengayishi mumkin. Maslahatlashuvlarga koʻpchilik, jumladan, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin, TIV rahbari oʻrinbosari Sergey Ryabkov va Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakil Mixail Bogdanov jalb etiladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo