16:57 / 01.03.2025
161

Zelenskiy Trampdan keyin Fransiya prezidenti va NATO bosh kotibi bilan gaplashdi

Zelenskiy Trampdan keyin Fransiya prezidenti va NATO bosh kotibi bilan gaplashdi
Foto: Sarsenov Daniiar/Ukraine Presidency/Planet Pix/ZUMAPRESS/picture alli
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 28 fevral, juma kuni kechqurun ukrainalik hamkasbi Volodimir Zelenskiy AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan mojaroli tarzda qabul qilinganidan so‘ng unga qo‘ng‘iroq qildi. Bu haqda Financial Times jurnalisti Kristofer Miller Ukraina yetakchisi atrofidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Zelenskiy va Makron telefonda aynan nimani muhokama qilgani noma’lum. Biroq FT'ning qo‘shimcha qilishicha, ularning suhbatidan so‘ng Ukraina prezidenti NATO bosh kotibi Mark Ryuttega ham qo‘ng‘iroq qilgan. Bu suhbatning mazmuni ham hozircha noma’lum.

Bir kun avval Ryutte Shimoliy Atlantika alyansi Ukrainaga yangi yordam paketi, jumladan «milliardlab yevro» va xavfsizlik kafolatlari uchun badallar tayyorlayotganini e’lon qildi. NATO bosh kotibi bu haqda Tramp bilan telefon suhbatidan so‘ng bayonot berdi, Ryuttening o‘zi buni «a’lo» deb baholadi.

Ukraina va AQSH prezidentlarining uchrashuvi janjal bilan yakunlandi

Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp 28 fevral kuni Vashingtondagi Oq uyda uchrashdi. Ikki yetakchi AQSH va Ukraina o‘rtasida foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolashi kutilgan edi. Biroq uchrashuv qizg‘in ohangda o‘tdi: Zelenskiy Tramp va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan bahslashishga majbur bo‘ldi va Oq uyni erta tark etdi. Biroq shartnoma imzolanmadi.

Uchrashuv davomida Tramp Zelenskiyni bir necha bor noshukurlikda aybladi. «Siz Uchinchi jahon urushi keltirib chiqarishingiz mumkin. Va qilayotgan ishlaringiz sizni ko‘pchilikdan ko‘ra ko‘proq qo‘llab-quvvatlagan davlatga nisbatan chuqur hurmatsizlikdir», — dedi AQSH prezidenti va agar kelishuvga erishilmasa, Ukraina bo‘yicha muzokaralardan chiqish bilan tahdid qildi.

Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy Amerikaga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi va «Ukrainaga adolatli va mustahkam tinchlik kerak va biz aynan shu maqsadda harakat qilyapmiz», deb eslatdi.

Ko‘plab yevropalik siyosatchilar, jumladan Emmanuel Makron Tramp bilan bo‘lgan janjaldan keyin Ukraina rahbarini qo‘llab-quvvatladi. «Agressor — Rossiya. Agressiya qurboni esa Ukraina. Biz yordam berganlarga rahmat aytishimiz kerak, lekin boshidanoq kurashganlarni hurmat qilishimiz kerak», — dedi Fransiya prezidenti.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo