Donald Tramp Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari jabrdiydalariga yordam sifatida tashkil etilgan FireAid hayriya tashabbusi atrofida jiddiy shubha va mojaro yuzaga kelganini ma’lum qildi. U o‘zining Truth Social sahifasida yozganidek, bu hayriya tashabbusi "firibgarlik va demokratlardan ilhomlangan falokat"ga aylangan. Tramp ta’kidlashicha, yig‘ilgan 100 million dollar mablag‘ yo‘qolgan.
Kaliforniya shtatida o‘rmon yong‘inlari katta ofatga sabab bo‘ldi. Xususan, Los-Anjeles hududida yanvar oyida yuz bergan yong‘inda 30 dan ortiq odam halok bo‘lgan, minglab binolar vayron bo‘lgan va ko‘plab oila uyidan ayrilgan. Bu falokatdan so‘ng jamoat tashkilotlari, ayniqsa demokratlar partiyasiga aloqador guruhlar hayriya aksiyasi boshladi va zarar ko‘rganlar uchun mablag‘ yig‘di.
Tashabbus doirasida mashhur san’atkorlar Billi Aylish, Ledi Gaga, Keti Perri va boshqa mashhurlar ishtirokida hayriya konserti o‘tkazildi. Unda 100 million dollardan ziyod pul yig‘ildi. Fox News telekanali xabariga ko‘ra, yig‘ilgan mablag‘lar bir nechta nodavlat tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jabrlanganlarga yetkazilmagan. Mahalliy aholi va norozilar bu holatga keskin munosabat bildirdi.
Tramp o‘z chiqishida, mablag‘lar qayerga va qanday sarflangani bo‘yicha ochiqlik yo‘qligini, bu esa hayriya tashabbuslariga ishonchni kamaytirishini ta’kidladi. U FireAid’ni "demokratlar tomonidan tashkil etilgan yana bir firibgarlik" deb atadi.
Mutaxassislar va siyosiy sharhlovchilar bunday mojaroli vaziyatlar jamiyatda hayriya va yordamga bo‘lgan ishonchni susaytirishi, kelajakda muhtojlarga kerakli yordam yetib bormasligiga olib kelishi mumkinligini qayd etmoqda. Shu bilan birga, moliyaviy nazoratning yetishmasligi eng ko‘p ehtiyojmandlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kaliforniyadagi ushbu holat hayriya mablag‘larining ochiq va shaffof taqsimlanishi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Jabrlanganlar va ularning oilalari esa hali ham chin yordam kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!