AQSH prezidenti Donald Tramp 23-sentyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida Xitoy va Hindistonni Ukrainadagi urushning asosiy «homiylari» sifatida tan olishini bildirdi. Trampning fikricha, ikki mamlakat Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikda bo‘lib, Rossiyaning neftini sotib olishda davom etmoqda.
«Xitoy va Hindiston ushbu urushning asosiy homiylari bo‘lib, Rossiya neftini sotib olishda davom etmoqda», — dedi Tramp.
AQSH prezidenti Yevropa davlatlarini ham tanqid qildi. U Yevropa davlatlarini Rossiya energiya tashuvchilarini sotib olishni «sharmandali» deb atadi. «Yevropaliklar faollashishi kerak. Ular hozirgidek ish tutishi mumkin emas. Ular Rossiya bilan urushayotgan bir paytda Rossiyadan neft va gaz sotib olmoqda. Bu sharmandalik», — dedi Tramp.
Shunga qo‘shib, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Go Szyakun Xitoy Ukraina inqirozi bo‘yicha izchil ravishda adolatli va xolis pozitsiyani egallab kelayotgani, bu inqirozning tashabbuskori ham, ishtirokchisi ham emasligini aytgan.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi esa, davlatlar o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish va tinchlikni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qat’iy va izchil pozitsiyasini bildirgan.
AQSH Moliya vazirligi allaqachon Yevropa Ittifoqi davlatlari va «Katta yettilik» a’zolarini Ukrainadagi urush tugamaguncha Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga majbur qilish uchun Xitoy va Hindistonga qarshi jiddiy bojlar joriy etishga chaqirgan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu chaqiriqni «qo‘rqitish va iqtisodiy majburlash» deb atagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!