Pxenyanda bo‘lib o‘tgan yirik harbiy paradda Shimoliy Koreya o‘zining yangi “Xvason-20” nomli qit’alararo ballistik raketasini taqdim etdi. Koreya Markaziy telegraf agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qurol “eng qudratli yadro strategik quroli” sifatida baholangan.
Parad Koreya Mehnat partiyasi tuzilganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi. Tadbirda mamlakat rahbari Kim Chen In nutq so‘zlab, KXDR Qurolli kuchlarini “har qanday tahdidni yo‘q qila oladigan yengilmas armiya”ga aylanishga chaqirdi.
Mutaxassislar fikricha, “Xvason-20” raketasi Shimoliy Koreyaga AQSH hududidagi nishonlarga zarba berish imkoniyatini beradi. Parad chog‘ida KXDR armiyasi nafaqat mazkur raketani, balki gipertovushli qurollar kabi yangi tizimlarni ham namoyish etdi.
Shuningdek, Pxenyandagi marosimda Rossiya harbiylari ham ishtirok etdi. Tadbirda Xitoy Bosh vaziri Li Syan, Vetnam Kommunistik partiyasi Bosh kotibi To Lam va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham qatnashdi.