00:50 / 26.05.2021
3 775

Qozog‘istonlik maynerlar soliqlar sabab O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishi mumkin


Foto: Bloomberg
Qozog‘istonlik maynerlar soliqlar sabab O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishi mumkin. Bu haqda «Forbes.kz»da e’lon qilingan maqolaga tayanib Spot xabar berdi.

Qozog‘istonda joylashgan mayning fermalari va data-markazlari qo‘shimcha soliqqa tortilishi mumkin — raqamli mayning uchun iste’mol qilingan 1 kilovatt/soat elektr energiyasi uchun 1 tenge miqdorida.

Shu orqali mamlakat birdaniga bir necha maqsadga erishmoqchi: mayningni nazorat qilish va qonunchilik darajasida kriptovalyuta olishni rag‘batlantirish, budjet tushumlarini oshirish, fermalar tomonidan nazoratsiz elektr energiyasi iste’molini qisqartirish.

Qozog‘iston Blokcheyn va data-markazlar industriya milliy assotsiatsiyasi prezidenti Alan Jorjiyevning ma’lum qilishicha, yangi soliqning paydo bo‘lishi muammo hisoblanadi, chunki pul tikkan investorlar ob’ektlar quradi, jihozlar sotib oladi, xususiy elektr stansiyalar bilan elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolaydi.

Endilikda ikkita bozor sub’ekti o‘rtasida imozlangan shartnomaga muvofiq qo‘shimcha 1 tenge ham to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Pragmatik xorijiy investor mamlakatda qo‘shimcha to‘lovga oid qonunni ikki oy ichida tasdiqlatish mumkinligida xatarni ko‘radi.
«Va investor bir yildan keyin qo‘shimcha 5 tenge, ikki yildan so‘ng 10 tenge va hokazoni kutadi. Keyin esa boshqa mamlakatga investitsiya kiritishga qaror qiladi», — deya bozor ishtirokchisining ehtimoliy harakatiga izoh beradi Jorjiyev.

Hozirda Qozog‘istonning ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy raqobatchisi O‘zbekiston hisoblanadi.
«O‘zbekiston investorlarga mamlakatda ushbu sohaning rivojlanishida jiddiy afzalliklar va istiqbollarni va’da qilgan holda kriptovalyuta hamda mayning faoliyati to‘g‘risidagi qonunlarni puxta ishlab chiqqan va tasdiqlagan. Ko‘plab lokal maynerlarning fikricha, O‘zbekiston Rossiya yoki Qirg‘izistonga qaraganda ancha jozibador mamlakat hisoblanadi», — deydi spiker.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning bahorida O‘zbekistonda maynerlarga elektr energiya uchun oshirilgan tariflar bo‘yicha to‘lov qilish sharti qo‘yilgandi. Ammo mayning bilan shug‘ullanuvchi iste’molchilarni aniqlash va ularga ushbu tarifni qo‘llash tartibi ishlab chiqilmadi.

Maynerlarni majburiy a’zosi bo‘lish sharti bilan Uzbekistan Cryptocurrency Mining Pool mayning-pulni yaratish orqali legallashtirish rejalashtirilgandi, ammo tegishli hujjat hali qabul qilinmadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo