320 mingta GeForce RTX 3090 quvvati isrof boʻlmoqdami: Pearl loyihasi atrofida mojaro

Kriptovalyuta olamida sunʼiy intellekt (AI) va blokcheyn texnologiyalarini birlashtirishga boʻlgan urinishlar jiddiy shubha ostida qoldi. Pearl loyihasi oʻzini mayning jarayonini foydali hisob-kitoblarga yoʻnaltiruvchi birinchi tarmoq sifatida tanishtirgan boʻlsa-da, Kornell universiteti tadqiqotchilari ushbu tizimning samaradorligini rad etuvchi dalillarni taqdim etdi. Tadqiqot xulosalariga koʻra, ulkan hisoblash quvvati amalda hech qanday foydali ish bajarmayotgan boʻlishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tadqiqot muallifi Abxinaba Basu Pearl tarmogʻining joriy hisoblash quvvatini soniyasiga taxminan 24 ekzahesh deb baholadi. Bu koʻrsatkich taxminan 320 mingta yuqori unumdorlikka ega NVIDIA GeForce RTX 3090 videokartalarining bir vaqtda ishlashiga tengdir. Bunday ulkan infratuzilmaning energiya isteʼmoli 112 MWga yetishi mumkin, bu esa butun boshli kichik shaharning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qoplaydi.
Foydali mehnatmi yoki marketing hiylasi?
Pearl loyihasining asosiy gʻoyasi Proof-of-Useful-Work (foydali ish isboti) konsepsiyasiga asoslangan. Nazariy jihatdan, maynerlar shunchaki murakkab matematik tenglamalarni yechish oʻrniga, neyrotarmoqlarni oʻqitish kabi real vazifalarni bajarishi kerak edi. Biroq, ixbt.com xabariga koʻra, amaldagi mexanizm bajarilayotgan ishning haqiqatda foydali ekanini tekshirish imkoniga ega emas.Tadqiqotchi oʻz xulosalarini isbotlash uchun maxsus mayning dasturini ishlab chiqdi. Ushbu dastur sunʼiy intellekt vazifalarini bajarish oʻrniga, tarmoqqa tasodifiy sonlardan iborat matritsalarni yubordi. Hayratlanarlisi shundaki, Pearl tarmogʻi ushbu "foydasiz" maʼlumotlarni qabul qilib, foydalanuvchiga mukofot pullarini yozishda davom etgan. Bu esa tizimning real AI vazifalari bilan oddiy matematik amallarni farqlay olmasligini koʻrsatadi.
Bozordagi narxlarning koʻtarilishi
Loyiha nafaqat energiya sarfi, balki hisoblash quvvatlari ijarasi bozoriga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Tadqiqotda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, may oyida Pearl dasturiy taʼminoti ishga tushgach, Vast.ai platformasida arzon videokartalar ijarasi narxi 38 foizga oshgan. Qurilmalarning bandlik darajasi esa 57 foizdan 94 foizga koʻtarilib ketgan.8 mingdan ortiq tarmoq tugunlarini (node) tahlil qilish natijasida, ishtirokchilarning aksariyati haqiqatan ham AI modellarini ishga tushirishga qodir zamonaviy uskunalardan foydalanayotgani aniqlandi. Biroq, oʻrganilgan dasturiy paketlarda mashinali oʻqitish uchun moʻljallangan mashhur freymvorklarning (masalan, PyTorch yoki TensorFlow) belgilari topilmagan.
Hozircha Pearl vakillari ushbu tadqiqot yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi. Mazkur holat kripto-hamjamiyatda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda: koʻpchilik ekspertlar buni sunʼiy intellekt mavzusidan shunchaki marketing vositasi sifatida foydalanish deb baholamoqda. Agar loyiha oʻz algoritmlarini isloh qilmasa, yuz minglab kuchli videokartalar "havoni isitish" bilan band boʻlib qolaveradi.






























Izohlar 0
…