12:19 / 30.08.2023
188

G‘ijduvon hokimi patentlangan shashlikni tayyorlash uchun hokimlikdan ruxsat olish va to‘lov qilish kerakligini aytdi

G‘ijduvon hokimi patentlangan shashlikni tayyorlash uchun hokimlikdan ruxsat olish va to‘lov qilish kerakligini aytdi
Foto: Adliya vazirligi

«G‘ijduvon shashligi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Geografik ko‘rsatkich guvohnomasi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Bahronov tomonidan G‘ijduvon tuman hokimi Sherzod Ashurovga tantanali ravishda topshirilgan.

«Qayerga borilsa, hamma restoranlarda G‘ishduvon shashligi deb yozishadi. Endi tuman hokimligining ruxsatisiz u nomni hech kim hech qayerga yoza olmaydi. Mabodo G‘ajduvon shashliklari pishiraman desa, albatta u G‘ijduvonga kelib, hokimlikdan ruxsat olib, to‘lovini to‘laydi va g‘ijduvonliklardan so‘rab, keyin pishiradi. Bu bizning brend. Mana, Hindiston Oyga o‘zining kosmik kemasini uchirdi. Xudo xohlasa, biz uchinchi renessans farzandlarini tarbiyalasak, biz g‘ijduvonliklar Oyga yetib boramiz. O‘sha yerda G‘ijduvon shashliklarini pishiramiz», deya ta’kidlagan tuman hokimi Sherzod Ashurov guvohnomani qabul qilib olish jarayonida.

Biroq Adliya vazirligi buni inkor etdi. Ma’lum qilinishicha, Buxoro viloyatida birinchi bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ushbu geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma uning egasi, ya’ni G‘ijduvon tuman hokimligiga guvohnomada ko‘rsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini beradi. Muayyan tovarning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi jismoniy va yuridik shaxslarga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklamaydi.

«Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, agar geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxs muayyan sifati, nom qozongani yoki boshqa xususiyatlari sezilarli darajada uning geografik kelib chiqishiga bog‘liq bo‘lgan tovarni ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, mazkur shaxs ushbu geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini oladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqi xuddi shu geografik obektda joylashgan va xuddi shunday xususiyatlarga ega bo‘lgan tovar ishlab chiqarayotgan boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga ham berilishi mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat