Toshkentda qulagan devor qabr toshlariga zarar yetkazdi

Toshkentda qulagan devor qabr toshlariga zarar yetkazdi

Toshkent shahridagi Botkin qabristonida qurilish ishlari vaqtida devor qulab tushdi. Oqibatda bir nechta qabr toshlariga zarar yetdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, hodisa sobiq shampan vinolari zavodi hududida olib borilayotgan qurilish ishlari vaqtida yuz bergan. Qurilish maydonini Botkin qabristonidan ajratib turgan devor qulab, qabristonning 15-sektori oxirgi qatoridagi bir nechta qabr toshlariga shikast yetkazgan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, dafn joylari ochilib qolmagan.

Hozirda Toshkent shahar hokimligi va Shahar obodonlashtirish boshqarmasi vaziyatni nazoratga olgan. Hodisa tafsilotlari hamda mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi, aybdorlar esa belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi bildirilgan.

“Biz marhumlar yaqinlarining qayg‘u va e’tirozini to‘g‘ri tushunamiz. O‘tganlar xotirasi hamda ularning yaqinlari his-tuyg‘ulariga hurmat so‘zsiz bo‘lishi shart”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Ma’lum qilinishicha, buyurtmachi va pudratchi tashkilotga qulash oqibatlarini bartaraf etish hamda shikastlangan qabr toshlarini tiklash majburiyati yuklatilgan. Ular tiklash ishlarini hafta oxirigacha yakunlashga va’da bergan. Ishlarning borishi hokimlik nazoratida bo‘ladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar