Qashqadaryoda Uzum Market haydovchisi olti oydan so‘ng sud zalidan ozod qilindi

Qashqadaryoda Uzum Market haydovchisi olti oydan so‘ng sud zalidan ozod qilindi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Uzum Market haydovchisi 249 million so‘mlik 101 ta telefonni o‘zlashtirganlikda ayblanib, olti oydan ortiq qamoqda saqlanganidan so‘ng, apellyatsiya sudi uni sud zalida ozod qildi.
  • Ishni qayta ko‘rib chiqish natijasida haydovchi 64,4 million so‘mlik 21 ta telefonni o‘zlashtirgani aniqlandi va oilasi kompaniyaga 92,7 million so‘mlik zararni qoplagani hisobga olindi.

Qashqadaryo viloyatida Uzum Market kompaniyasida haydovchi bo‘lib ishlagan 41 yoshli erkak telefonlarni o‘zlashtirishda ayblanib, olti oydan ortiq vaqt qamoqda saqlandi. Apellyatsiya sudi ishni qayta ko‘rib chiqib, unga nisbatan tayinlangan jazoni yengillashtirdi va uni sud zalining o‘zida ozod qildi.

Tergov organi haydovchini Toshkentdan Qashqadaryoga olib kelinayotgan umumiy qiymati 249 million so‘m bo‘lgan 101 ta telefonni omborga topshirmasdan o‘zlashtirganlikda ayblagan. Birinchi instansiya sudi unga uch yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Biroq 2026 yil 6 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati sudida ish qayta ko‘rib chiqilganida, haydovchi 101 ta emas, balki 21 ta telefonni o‘zlashtirgani, ularning umumiy qiymati 64,4 million so‘mni tashkil etgani aniqlangani aytilmoqda.

Qolgan 80 ta telefonning yo‘qolgani qayd etilgan bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishda qatnagan boshqa 15 nafar haydovchining faoliyati tekshirilmagani va kamomad to‘liq ravishda bir kishining zimmasiga yuklangani bildirilgan.

Shuningdek, haydovchining oilasi tergov davrida kompaniyaga pul va telefonlar ko‘rinishida jami 92,7 million so‘mlik zararni qoplagani ma’lum bo‘lgan. Sud ushbu holatlarni inobatga olib, jazoni yengillashtirgan.

Haydovchining qamoqda o‘tkazgan olti oyu 12 kuni yangi tayinlangan jazo muddatiga hisoblangani sababli u sud zalining o‘zida ozodlikka chiqarilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sud qaroriga binoan, kompaniya haydovchining oilasiga ortiqcha to‘langan 27,5 million so‘mni qaytarishi kerak. Yo‘qolgan 80 ta telefonning taqdiri va ularning yo‘qolishiga kimlar sababchi bo‘lgani haqida esa hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar