Qashqadaryoda otasi do‘konga ketgach, yigit o‘gay onasini o‘ldirdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida o‘gay onasini qasddan o‘ldirgan P.Ch.
- 13 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
- 2026-yil 5-iyun kuni sodir bo‘lgan ushbu fojia otasi do‘konga ketgan vaqtda yuz bergan.
- Sudlanuvchi o‘gay onasi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan janjal oqibatida oshxona pichog‘i va karavotning temir bo‘lagi bilan ayolga tan jarohatlari yetkazgan. Jabrlanuvchi ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida o‘gay onasini o‘ldirgan yigit 13 yilu 6 oy muddatga qamaldi. E’tiborlisi, u fojiali voqeadan bir kun oldin qishloqqa qaytib kelgan va hodisa sodir bo‘lgan kuni otasi hamda o‘gay onasidan kechirim so‘ragan. Bu haqda «Daryo» sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Voqea 2026 yil 5 iyun kuni sodir bo‘lgan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, P.Ch.ning onasi 2020 yilda vafot etgan. Oradan bir yil o‘tib, otasi boshqa ayol bilan birga yashay boshlagan. Dastlab yigit va uning ukasi ham ota-onasi bilan bir xonadonda istiqomat qilgan. Biroq o‘gay ona bilan o‘g‘illar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi bo‘lmagan. Oilada tez-tez janjallar kelib chiqqan.
Keyinchalik P.Ch. ishlash uchun Rossiyaga, so‘ng Toshkentga ketgan. Qishloqqa qaytgan paytlarida ham o‘gay onasi bilan kelishmovchiliklarga borgan. Avvalgi janjallardan birida ayolning yuziga shapaloq urgani aytilgan. Shundan so‘ng ota o‘g‘lini urib, uydan haydagan.
Janjal yana fojia bilan yakunlandi
2026 yil 4 iyun kuni qishloqqa qaytgan P.Ch. ertasi kuni kechqurun otasi va o‘gay onasining uyiga borib, ulardan kechirim so‘ragan. Ota ham o‘g‘li bilan yarashganidan keyin muzqaymoq va kola olib kelish uchun do‘konga yo‘l olgan.
Biroq u uydan chiqqach, P.Ch. bilan o‘gay onasi o‘rtasida yana janjal chiqqan. Sud hujjatlarida keltirilishicha, yigit amakisining uyidan oshxona pichog‘ini olib kelib, ayolning orqa qismi va bo‘yniga bir necha marta urgan. Keyin esa karavotning temir bo‘lagi bilan uning boshiga zarba bergan.
Baqir-chaqirni eshitgan amakisi tashqariga chiqqan. U ayolni hovli tashqarisida og‘ir ahvolda, jiyanini esa uyning orqa tomonidan qochib ketayotgan holda ko‘rgan.
Jabrlanuvchi shoshilinch ravishda shifoxonaga olib borilgan. Ammo ko‘p qon yo‘qotgan ayol shifokorlar yordamiga qaramay vafot etgan.
Yigit voqea joyidan qochgan
Hodisadan keyin P.Ch. qarindoshlaridan birining uyiga borib, kiyimlarini almashtirgan. Keyin Toshkent—Termiz yo‘liga chiqib, yo‘lovchi mashinada Qarshiga, u yerdan esa Toshkentga ketgan. Oxir-oqibat u amakisining xonadoniga borgan.
Sudda ayblanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lgan. U o‘gay onasini o‘ldirishni oldindan rejalashtirmaganini, janjal vaqtida hissiyotga berilganini aytgan. P.Ch.ning ko‘rsatuviga ko‘ra, u ayol bilan gaplashmoqchi bo‘lgan, ammo ular o‘rtasidagi tortishuv keskinlashib ketgan.
Marhumaning onasi esa sudda qizining o‘gay o‘g‘illari bilan munosabatlari avvaldan yaxshi bo‘lmaganini bildirgan. U sudlanuvchini kechirmasligini aytib, unga og‘ir jazo tayinlashni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi P.Ch.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi, ya’ni qasddan odam o‘ldirishda aybli deb topdi. Unga 13 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






























Izohlar 0
…