Toshkentda avtobus 3, metro 2 daqiqada keladigan bo‘ldi

Toshkentda avtobus 3, metro 2 daqiqada keladigan bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Toshkent shahrida jamoat transporti qatnovi oraliq vaqtini qisqartirish va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yangi chora-tadbirlar belgilanmoqda.
  • 15 noyabrdan boshlab asosiy avtobus yo‘nalishlarida tig‘iz vaqtlarda transport vositalari har 3–5 daqiqada qatnashi rejalashtirilgan bo‘lsa, 20 noyabrga qadar metro poyezdlari oralig‘i 2–3 daqiqagacha tushiriladi.

Toshkentda jamoat transportidan foydalanuvchilar uchun qator qulayliklar yaratilishi rejalashtirilmoqda. Endi poytaxtda avtobuslarni kutish vaqti 3–5 daqiqagacha, metro poyezdlari oralig‘i esa 2–3 daqiqagacha qisqartirilishi mumkin. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2026 yil III chorak yakunlari bo‘yicha qabul qilgan qarorida belgilangan.

Avtobuslar har 3–5 daqiqada kelishi mumkin

15 noyabrdan boshlab asosiy avtobus yo‘nalishlariga qo‘shimcha transport vositalari jalb etiladi. Bu orqali ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda avtobuslar oralig‘ini 3–5 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Yangi tartib ertalab soat 07:00 dan 09:30 gacha, kechqurun esa 17:00 dan 19:30 gacha amal qilishi rejalashtirilgan. Avtobuslarning belgilangan jadvalga muvofiq harakatlanishi GPS tizimi orqali kuzatib boriladi.

Metro poyezdlari oralig‘i ham qisqaradi

Poytaxt metropolitenida ham yo‘lovchilarning poyezd kutib qolish vaqtini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. 20 noyabrga qadar ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar harakati oralig‘ini 2–3 daqiqagacha tushirish rejalashtirilgan.

Buning uchun «Chilonzor», «O‘zbekiston», «Yunusobod» va yer usti halqa yo‘nalishlarida besh vagonli poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

25 ta yo‘nalishga katta avtobuslar chiqariladi

20 dekabrga qadar yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan 25 ta avtobus yo‘nalishiga katta sig‘imli, bo‘g‘inli avtobuslarni jalb etish tavsiya qilingan.

Bunda Uchtepa, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, 2027 yilda avtobuslar sonini ko‘paytirish maqsadida mas’ul tashkilotlar 15 noyabrga qadar shahar hokimligiga tegishli takliflarni kiritishi lozim.

Agar belgilangan choralar to‘liq amalga oshirilsa, poytaxtda jamoat transportini kutish vaqti sezilarli darajada qisqarishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar