15:09 / 02.07.2023
581

Aktrisa Jayrona Hasanova onasini eslay olmasligi va o‘gay onasi bilan bugungi munosabatlari haqida gapirdi

Aktrisa Jayrona Hasanova onasini eslay olmasligi va o‘gay onasi bilan bugungi munosabatlari haqida gapirdi

Foto: Instagram / @djayronajana

Aktrisa Jayrona Hasanova vayner Indira Miftahovaning “Mehmonda” YouTube kanaliga bergan intervyusida shaxsiy hayoti haqidagi savollarga quyidagicha javob berdi.

— Ota-onam sevib, oila qurishgan ekan. Afsuski, onam yuragida nuqson bo‘lgan, shu bois shifokorlar unga farzandli bo‘lish mumkin emasligini aytgan. Ammo onam rahmatli mendan voz kechishni itsamagan ekan. Yurak xuruji sabab, homilani yetti oyligida tug‘dirib olishgan. Onam esa meni dunyoga keltirib, 19 yoshida olamdan o‘tgan. Avvaliga onamning yo‘qligi sezilmagan. Chunki dadam hamma sharoitlarni yaratib berardi. O‘zi davlat ishida ishlagani uchun har doim ham yonimda bo‘lolmasdi.

Ba’zan oylab bir-birimizni ko‘rmasdik. Bu vaqtda enagalar qarardi, hatto ovqatimni ham qiladigan opalar bor edi. Dadam shaxsiy hayoti haqida gapirishni unchalik istamasdi. U o‘lganidan keyin avval u bilan ishlagan insonlar bolaligim bilan bog‘liq xotiralarni so‘zlab berishgandi. Dadam institutda o‘qituvchilik qilayotgan paytda meni kolyaskaga solib, ishxonasiga olib borar ekan. Butilkaga echkining sutini solib, hech kim yo‘g‘ida ichirib qo‘yarkan.

Dadam mehribon bo‘lgan, ammo erkak kishi baribir ayolsiz qiynalar ekan. Shu bois, 11 yoshga to‘lganimda oila qurdi. Turgan gapki, bu avvaliga menga yoqmadi. Chunki uyda bor e’tibor menga bo‘lishiga o‘rganib qolgandim. Avvaliga o‘gay onam bilan ziddiyatli vaziyatlar juda ko‘p bo‘lgan. Ammo otam o‘lgach, u hayotimdagi eng yaqin insonimga aylangan. Ikki nafar singillarim bor, ular bilan ham munosabatlarimiz yaxshi, — deydi aktrisa Jayrona Hasanova.

Aktrisa o‘gay onasidan hamisha minnatdorligi va hayotidagi fojialar uni aktrisa bo‘lishga undagani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @djayronajana

— O‘gay onamdan hamisha minnatdorman, balki bu gaplarni uning o‘ziga aytolmasman, ammo ich-ichimdan rahmat aytaman. Chunki otam o‘lganidan keyin unga ko‘pchilik “Yetim boqsang og‘zi burning qon bo‘ladi, tezroq erga berib qutilgin”, deb maslahat berishgan. Hatto, bunday gaplarni o‘z quloqlarim bilan ham eshitganman. O‘gay onam esa “O‘qiysanmi?” deb savol bergan. “Ha, san’atkor bo‘lish niyatim bor, institutda o‘qimoqchiman”, deganimda “Mayli, o‘zing yoqtirgan kasbingni tanla, faqat menga ishonma, senga yordam berolmayman”, degan.

Ammo atrofdagi insonlarning oldida menga o‘qish imkoniyatini bergani ham katta gap edi. 23 yoshimga qadar “tezroq oila qurishing” kerak deb ko‘p gapirdi. Chunki otamdan keyin meni ishonchli qo‘lga topshirish unga yuklatilgandi. Ammo men buni istamadim. Karera qilib, uy-joy, mashina olishim kerak dedim. Dadam juda badavlat inson bo‘lgan, bu haqida gapirishni istamayman-u, ammo undan menga hech narsa meros bo‘lib qolmagan. Hammasini o‘z mehnatim bilan topdim.

O‘gay onamdan minnatdor ekanligimning yana bir sababi, men sabab unga ko‘p malomat toshlarini otishgan. Ayniqsa aktrisa bo‘lganimdan keyin xulqi buzuqlikda ayblashgan. To‘y-xizmatlari yoki syomkalardan kech qaytsam, mahallamizdagi bir ayol onamga chiqib arz qilgan. Nima emish, mening kech, turli mashinalarda qaytishim sabab uning qiziga sovchi kelmayotganmish. Juda kulgili gaplar, o‘gay onam ularning ko‘pi bilan kurashgan.

Hozir ham uyga sovchi kelsa, o‘zingiz kutasiz, to‘yimda bosh-qosh bo‘lasiz deb aytaman. Har kuni qo‘ng‘iroqlashib turmasam ham, u insondan minnatdorman, — deydi aktrisa Jayrona Hasanova.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Aktrisa Jayrona Hasanova onasini eslay olmasligi va o‘gay onasi bilan bugungi munosabatlari haqida gapirdi