Kapurlar sulolasi taqiqini buzgan Karina Kapur 46 yoshda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Karina Kapur, Kapurlar sulolasining to‘rtinchi avlodi vakili, 46 yoshga to‘ldi va oiladagi ayollar uchun aktyorlik taqiqini buzib, Bollivudda o‘z o‘rnini yaratdi.
- U 1980 yil 21 sentyabrda tug‘ilgan va 20 yoshida "Rad etilgan" filmi bilan debyut qilib, "Eng yaxshi debyut" mukofotini olgan.
- Karina Kapur "Gohi shodlik, gohi g‘am", "Uch savdoyi" va "Laal Singx Chaddha" kabi ko‘plab muvaffaqiyatli filmlarda rol ijro etgan.
Bollivudning mashhur aktrisasi, xonanda va raqqosa Karina Kapur 46 yoshni qarshi oldi. Raj Kapurning nabirasi va Kapurlar sulolasining to‘rtinchi avlodi vakili bo‘lgan Karina nafaqat kino sohasidagi muvaffaqiyatlari, balki oiladagi yillar davom etgan taqiqni buzgani bilan ham tanilgan.
Karina 1980 yil 21 sentyabrda Mumbayda tug‘ilgan. Kapurlar sulolasining avvalgi avlodlarida aktyorlik faqat erkaklarga ruxsat etilgan, oila ayollari uchun esa bu yo‘l yopiq bo‘lgan.
Karinaning onasi Babita Shivdasani Randhir Kapurga turmushga chiqishidan oldin 20 ta filmda rol ijro etgan. Nikohdan keyin esa 1970-yillarning o‘rtalarida kinoni tark etib, ikki qizini tarbiyalashga bag‘ishlangan.
1988 yilda Babita Randhir bilan munosabatlarini yakunlab, Karina va uning opasi Karishmani Loxandvalaga olib ko‘chgan. Shu davrdan so‘ng ikki qiz ham oiladagi an’anani buzib, professional aktrisaga aylandi. Babita Karinaning ijodiy faoliyatini doim qo‘llab-quvvatlab, unga suratga olish maydonlarida hamroh bo‘lgan va keyinchalik prodyuseriga aylangan. Oila 2007 yilda yana birlashgan.
Aktyorlikni birdaniga tanlamagan

Karina maktab-internatni tugatgach, Mithibai kollejida ikki yil iqtisodiyot bo‘yicha o‘qigan. Keyin huquq sohasiga qiziqib, yuridik kollejga kirgan. Biroq bir yildan so‘ng bu yo‘nalish unga mos emasligini anglab, teatr institutida tahsil olishni boshlagan.
20 yoshida “Rad etilgan” filmi bilan kinosiga debyut qilgan aktrisa birinchi roli uchun Filmfare'ning “Eng yaxshi debyut” mukofotini qo‘lga kiritdi.
Keyinchalik “Ajnabiy”, “Sevgi jozibasi” va “Imperator” filmlaridagi rollari bilan tanildi. Ayniqsa, “Sevgi jozibasi” 2001 yilda Hindistonda eng ko‘p daromad keltirgan filmlardan biri bo‘ldi.
Bollivuddagi katta muvaffaqiyat
“Gohi shodlik, gohi g‘am” filmi Karina karyerasidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. Unda aktrisa Shohrux Xon, Ritik Roshan va Kajol bilan birga rol ijro etgan. Budjeti 7,5 million dollar bo‘lgan film Hindistonda 2002 yilning eng ko‘p daromad keltirgan ikkinchi kartinasiga aylangan va xorijda 13 million dollar ishlab topgan.
Biroq 2002–2003 yillardagi bir qator filmlarining tijoriy muvaffaqiyatsizligi Karinani rollarini qayta ko‘rib chiqishga undadi.
2004 yilda esa u yana muvaffaqiyatli obrazlar yarata boshladi. Govind Nihalanining “Murabbiy” filmidagi roli uchun Filmfare Critics mukofotini oldi va ilk bor xonandalik qobiliyatini ham namoyish qildi.

2006 yilda “Omkara” filmida, 2007 yilda esa “Biz uchrashganimizda” melodramasidagi roli bilan yana bir qator nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
“Uch savdoyi” va xalqaro loyihalar
2009 yilda Karina Akshay Kumar bilan “Qoyilmaqom juftlik” komediyasida ishtirok etdi. Filmda Silvestr Stallone va Denis Richards ham qatnashgan.
Shu yili u “Uch savdoyi” filmida Amir Xon, Madxavan va Sharman Joshi bilan birga rol ijro etdi. Kartina Bollivud tarixidagi eng yuqori daromadli filmlardan biriga aylanib, to‘rt yil davomida rekordni saqlab turdi.
2015 yilda Karina “Aka-uka jangchilar” dramasi aktyorlar tarkibidan joy oldi. Mashhur aktyorlar ishtirokiga qaramay, film 18 million dollarlik budjetini qoplay olmadi.
2019 yildagi “Yaxshi xabar” komediyasi esa unga Filmfare mukofotining “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasini olib keldi.
Saif Ali Xon bilan oila qurdi

Karina 2007 yilda aktyor Saif Ali Xon bilan tanishgan. Ularning munosabatlari “O‘zgacha uslub” filmini suratga olish jarayonida boshlangan.
Saif Ali Xon Pataudi sulolasidan bo‘lib, uning otasi Mansur Ali Xon Pataudi Hindiston kriket jamoasi sardori bo‘lgan.
Karina bilan munosabatlari boshlangan paytda aktrisa Shahid Kapur bilan uchrashar, Saif esa avvaldan oilali va ikki farzandning otasi edi. Keyinchalik u ajrashib, Karina bilan turmush qurdi.
Juftlikning to‘yi 2012 yil 16 oktyabrda bo‘lib o‘tdi. 2016 yilda ularning Taymur Ali Xon, 2021 yilda esa Jahongir Ali Xon Pataudi ismli o‘g‘illari tug‘ildi.

Kino bilan birga jamoatchilik faoliyati
Karina Kapur kino faoliyatidan tashqari UNICEF bilan hamkorlik qilib, bolalar ta’limi, ayollar xavfsizligi, gigiyena va bolalar o‘limini kamaytirishga qaratilgan loyihalarda qatnashib keladi.
U mazkur mavzularda maqolalar yozgan, hujjatli filmlar prodyuseri sifatida ham ishlagan. 2010 yilda Hindistondagi qishloqlardan birini homiylikka olib, uni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun mablag‘ ajratgan.
Karina, shuningdek, kiyinish uslubiga oid kitoblar nashr etgan, turli brendlarning ambassadori bo‘lgan va “Bebo” laqabi bilan ham mashhur.
2022 yildagi muhim roli
Karinaning so‘nggi yillardagi e’tiborga molik ishlaridan biri 2022 yilda ekranga chiqqan “Laal Singx Chaddha” filmi bo‘ldi. Advayt Chandan rejissyorligidagi mazkur kartina “Forrest Gamp” filmining hind tilidagi moslashtirilgan versiyasi bo‘lib, unda Karina bilan birga Amir Xon va Naga Chaytanya ham rol ijro etgan.
Filmning budjeti 22,2 million dollarni tashkil etgan va u butun dunyo bo‘ylab 16 million dollar daromad olgan.
Karinaning ijodiy faoliyati davomida “Gohi shodlik, gohi g‘am”, “Murabbiy”, “Omkara”, “Biz uchrashganimizda”, “Uch savdoyi”, “Ki va Ka”, “Laal Singx Chaddha” kabi ko‘plab filmlar bor.
Ismi ham alohida tarixga ega

Karinaning ismi ham tasodifiy tanlanmagan. Onasi Babita unga homiladorlik paytida Lev Tolstoyning “Anna Karenina” asarini o‘qigan va qizining ismini asardagi qahramon sharafiga Karina deb qo‘ygan.
Uning sevimli aktyorlari orasida bobosi Raj Kapur va Nargis bor. Sevimli filmlari esa “Janob” va “Sangam” hisoblanadi.
Shu tariqa Karina Kapur mashhur Kapurlar sulolasining navbatdagi vakili bo‘lish bilan birga, oiladagi uzoq yillik taqiqni buzgan va Bollivudda o‘z nomini yaratgan aktrisa sifatida 46 yoshini qarshi oldi.






























Izohlar 0
…