Turk aktyori Burak O‘zchivit Toshkentga kelmoqda (spektakl bilan)

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko'ra, mashhur turk aktyori Burak O‘zchivit tez orada Toshkentga tashrif buyuradi. U “Istanbulning eng go‘zal qizi” nomli sahna asari bilan poytaxtda chiqish qilishi rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu jonli monospektakl 2026 yil 2 may kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida namoyish etiladi. Tomoshabinlar mashhur aktyorni teatr sahnasida jonli ijroda ko‘rish imkoniga ega bo‘ladilar.
Spektaklda Burak O'zchivit ijro etayotgan qahramon — oddiy avtomexanik Oktem bo‘lib, u Istanbulning shovqinli va tartibsiz hayotida kechadigan o‘z hayotiy hikoyasini so‘zlab beradi. Asarda inson taqdiri, orzu-umidlar, hayot sinovlari va muhabbat kabi mavzular chuqur yoritilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur sahna asari zamonaviy dramatik yechimlari va aktyorning kuchli ijrosi bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirishi kutilmoqda. Shuningdek, bu tashrif aktyor muxlislari uchun unutilmas madaniy voqeaga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!