Burak O‘zchivitning Toshkentga yana kelishi kutilmoqda

Turk aktyori Burak O‘zchivit yana O‘zbekistonga keladi. Bravo Orchestra ma’lum qilishicha, san’atkor 19 noyabr kuni Toshkentdagi Humo Arena sahnasida orkestr bilan birgalikdagi maxsus shouda ishtirok etadi.
BURAK IN BRAVO ORCHESTRA deb nomlangan musiqiy-teatral tomoshada jonli orkestr ijrosi, kino olami bilan bog‘liq musiqalar va aktyorlik chiqishlari uyg‘unlashishi kutilmoqda. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, Burak O‘zchivit bu safar muxlislar bilan uchrashish bilangina cheklanmay, sahnadagi tomoshaning to‘laqonli ishtirokchisi bo‘ladi.
Tadbir davomida turk seriallari va filmlaridan tanish bo‘lgan musiqiy asarlar yangrashi, aktyor esa turli sahnaviy obrazlarda namoyon bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu esa uni muxlislarga odatdagidan boshqacha formatda ko‘rish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Burak O‘zchivit 2026 yil may oyida ham Toshkentga kelib, O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida «Istanbulning eng go‘zal qizi» nomli spektakl bilan sahnaga chiqqan edi. Bu gal esa aktyor poytaxtdagi yirik arenalardan biri — Humo Arena'da Bravo Orchestra bilan birgalikda tomoshabinlar qarshisida namoyon bo‘ladi.
Tadbir 19 noyabr kuni soat 19:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Chiptalar sotuvga chiqarilgan.






























Izohlar 0
…