Selena Gomes nima sababdan ovozi o‘zgarganini aytdi: «Avvalgi ovozimni qaytara olmayman»

Selena Gomes nima sababdan ovozi o‘zgarganini aytdi: «Avvalgi ovozimni qaytara olmayman»

Amerikalik xonanda va aktrisa Selena Gomes nikotinli elektron sigaretalarni ko‘p iste’mol qilgani sabab ovozi o‘zgarganini ma’lum qildi. U ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasida muxlislariga murojaat qilib, nikotinga qaramlikdan xalos bo‘lish oson kechmayotganini tan oldi.

«Ovozimni avvalgi holatiga qaytara olmayman. Men nikotinli elektron sigaretani juda ko‘p chekkanman. Nikotindan voz kechish juda qiyin. Agar endi elektron sigareta chekishni boshlayotgan bo‘lsangiz, bilingki, bunga arzimaydi. Bu juda ahmoqona ish — u ovozimni o‘zgartirdi», — dedi xonanda.

Gomes zararli odatdan voz kechganini va bu qarorga amal qilishni davom ettirishga umid qilayotganini aytdi. Shuningdek, u nikotinga qaramlik bilan kurashayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlab, bu odatni yengish mumkinligini ta’kidladi.

Xonanda avval ham ovozidagi o‘zgarishlar haqida gapirgan edi. 2025 yil dekabr oyidagi jonli efirda u ba’zan tomog‘ining ichki qismi shishib qolishini aytgan. Biroq bu safar Gomes elektron sigareta chekish odatini ovozidagi o‘zgarishlar bilan bog‘ladi.

Selena Gomes avvalroq onalik rejalari haqida ham ochiq gapirgan. U 2024 yilda Vanity Fair nashriga bergan intervyusida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli farzandni mustaqil ravishda dunyoga keltira olmasligini aytgan. Xonanda homiladorlik uning va bolaning hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini tushuntirgan.

Shu bilan birga, Gomes kelajakda farzand asrab olish yoki surrogat onalik orqali ona bo‘lish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar