20:02 / 17.01.2018
16 102

Zarina Nizomiddinova: "To‘y xizmatlari, plastik jarrohlik va ismi o‘zgargani haqida..."

Зарина Низомиддинова: "Тўй хизматлари, пластик жарроҳлик ва исми ўзгаргани ҳақида..."
U hamisha gap–so‘zlar nishonida. O‘zining aytishicha, bu kabi e’tibor ba’zan malol keladi. Axir u ham hamma qatori hayot kechirishga, ijod qilishga haqli, ammo... Iste’dodli aktrisa Zirani NIZOMIDDINOVA bilan omadli va aksincha uyatga qo‘ygan rollari, mish–mishlar va shaxsiy hayot to‘g‘risida suhbatlashdik.

— Ayni kunlarda «Saodat» serialining ikkinchi faslida suratga tushyapsiz. Ijodiy jarayon o‘zingizga ma’qul bo‘lyaptimi?
— Ilk marotaba ssenariy bilan tanishganimdayoq serial g‘oyasi menga ma’qul kelgan. Albatta, xolis bahoni tomoshabin beradi, shunday bo‘lsa-da, serial omadli chiqishini va ko‘p sonli auditoriyaga ega bo‘lishini taxmin qilgandim. Haqiqatan ham serial o‘zini oqladi. Televideniye doirasida «Saodat» «Yilning eng yaxshi seriali» mukofoti bilan taqdirlandi. Bugun qayerga bormay, hamma meni «Saodat» deya chaqiryapti. Ijodim davomida o‘zim uchun anglaganim shuki, odamlar qahramoningizning ismi bilan chaqirishsa, demak rol zamonamiz qahramonlaridan biriga aylanib ulgurgan. Menga «Saodat» deya yangi ism qo‘yishganidan xursandman. Ayni kunlarda serialning ikkinchi fasli suratga olinyapti.

— Serialning birinchi faslidan so‘ng boshqa rejissyorlardan ham taklif bo‘lgandir?
— Ha! Ammo seriallarda suratga tushishni davom ettirmoqchi emasman. Agar «Saodat» singari ssenariysi yaxshi yozilgan teleasar bo‘lsa bajonidil, hozircha undayi bo‘lmayapti. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz kinodagi rollarim ham kamayib ketdi.

— Filmdagi rollaringizga hali qaytamiz, «Saodat»dagi qahramoningizning keyingi taqdiri haqida ozroq ma’lumot berolasizmi? Tomoshabinlarga qiziq-da, ikkinchi faslida qanday voqealar bo‘lishi...
— Barcha tafsilotlarni aytolmayman-u, ammo serialning ikkinchi faslida kutilmagan burilishlar, hayajonli lahzalar va sevgi uchburchagini ko‘rishingiz mumkin. Jamila G‘ofurova gavdalantirgan qahramon qanday qilib bo‘lsa ham erini qaytarishga urinadi. Bosh qahramonlardan birini ijro etgan Ulug‘bek Qodirov personaji esa Saodatga ko‘ngil qo‘ygan bo‘ladi. Ammo uni Yigitali Mamajonovnng qahramoni ham yoqtiradi. Xullas, Saodat ikki tomonlama sevgi uchburchagiga tushib qoladi. Yodingizda bo‘lsa, serialning birinchi faslida Saodatning akasi vafot etadi, ammo uning hayoti qanday o‘tgani ko‘rsatilmaydi. Serialning ikkinchi faslida ana o‘sha personajning hayoti hikoya qilinadi.

— Yuqorida kinoda rollaringiz kamayib ketganini aytdingiz. Ammo kliplarda suratga tushyapsiz?
— Kliplar u qadar ko‘p emas, bir–bir ko‘rinib qolaman, xolos. Kinoda suratga tushmayotganimning sababi yaxshi ssenariylarning yo‘qligida. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, oxirgi paytlarda pichoqqa ilinadigan filmlar kam ishlanyapti. Yuki borlarida ham bir–ikki nafar taniqli aktrisalar ishtirok etishadi, xolos. Yengil–yelpi kartinalarda suratga tushgandan ko‘ra, vaqtinchalik kinoda ko‘rinmay turganim ma’qul. Rostini aytganda, yiliga 5-6 ta filmda rol o‘ynaydigan davrdan o‘tganman. Aktrisa sifatida ozmi–ko‘pmi o‘z muxlislarim bor.

— Yaxshi, kliplar-chi?
— Asli kliplarda rol o‘ynash aktrisa uchun «minus» fikrimcha. Shunga ham ularning sonini ko‘paytirayotganim yo‘q. Gonorar masalasida aniq narhni belgilab qo‘yganman, agar bu klip ijodkorlarini qoniqtirsa, hamkorlik masalani o‘ylab ko‘rishim mumkin.

— Kinodagi rollaringizga ham narx belgilanganmi?
— Yo‘q! Filmda meni ssenariyning qay darajada mukammalligi qiziqtiradi, puliga qaramayman, rosti. So‘nggi paytlarda gonorari katta bo‘lsa ham ssenariysi yoqmasa, rad etyapman. Negaki, yengil–yelpi rollar bilan ko‘rinishni istamayman. Avvallari, ssenariysi sayozroq uchta kartinada suratga tushsam, ketidan to‘rt–beshta yuki bor rollarim bo‘lardi. Aytmoqchimanki, muvozanat buzilmasdi. Afsuski, bugun unday emas.

— «Yaxshi ssenariy yo‘q» deya takliflarni qaytaraversangiz, oxir–oqibat umuman chaqirmay qo‘yishsa-chi?
— Rejissyorlar ham anoyi emas, yaxshi ssenariy bo‘lsa, aktrisa rad etmasligini bilib, ishonch bilan taklif bildirishadi. «Hamroh» filmiga chaqirishgandi, ammo bosh qahramonning vafot etishi va ruh obrazida namoyon bo‘lishini bilib, rozilik bermadim. O‘zbek tomoshabinlari uchun yangi janr, kino yaxshi chiqishi kerak deya o‘ylangandim. Buning ustiga har doimgi rollarimdan farq qilardi. Ammo onam ko‘ngliga olib, unamadilar. Bilishimcha, bu rol Yulduz Rajabovaga nasib etdi.

— Ha, «Hamroh»dagi bosh rolni Yulduz ijro qildi.
— Triller janri bo‘lsa ham film «portlash» qilolmadi, bilishimcha. Balki reklamaga e’tiborni kuchaytirish kerakmidi...

— Kartina premerasida bo‘ldingizmi?
— Yo‘q, fursat bo‘lmadi. Lekin imkon topib albatta tomosha qilaman.

— «Hamroh» filmining janri ham, mavzusi ham bizning tomoshabinlar uchun yangilik. Negaki, ular maishiy muammolar asosida suratga olinayotgan kinolarga o‘rganib qolishgan. Ehtimol, shuning uchun ham kartina kutilganidek ommalashmagandir?..

— «Ruh 513» filmini eslaysizmi? Juda katta shov–shuv bo‘lgandi. To‘g‘ri, u paytlari filmlar bugungidek ko‘p bo‘lmagan, ammo kartina treylerining o‘zini tomosha qiliboq etim jimirlab ketgandi. Nima bo‘lganda ham «Hamroh» ijodkorlariga omad tilayman!

— Zarina, paytdan foydalanib, kliplardagi gonoraringiz summasini so‘rasam, aytasizmi?
— Xafa bo‘lmasangiz, bu haqida suhbatlashmasak.

— Ixtiyoringiz. Balki bu haqida Shohruxxondan so‘rarmiz, axir u bilan tez–tez hamkorlik qilib turasiz. Yo o‘zaro shartnoma bormi o‘rtangizda?
— Shohruxxonga hech qachon gonorar haqida gapirmaganman, bu ijodkor bilan ko‘p yillik do‘stmiz. Gonorar masalasini uning o‘zi hal qiladi va men bunga qarshi emasman. O‘rtamizda hech qanday shartnoma yo‘q, shunchaki bir–birimizni qo‘llab–quvvatlaymiz. Ekranda bir–biriga mos tushadigan partnyorlar bo‘ladi. Biz Shohruxxon bilan shundaymiz. Qolaversa, ikkimiz rol o‘ynagan musiqiy ketma–ketlik tez fursatlarda ommalashyapti.

— Asalning rashki kelmayaptimi hamkorligingizga?
— (kuladi) Yo‘g‘-e, Asal bilan dugonamiz. S’yomka jarayonlarida qo‘ng‘iroqlashib, ba’zan yozishib turamiz. Shohruxxon bilan avvaldan tanishmiz va Asal buni yaxshi biladi. Shunga ham qizg‘anmaydi. Buning ustiga Asal xarakterimni juda yaxshi biladi. Mendan rashk qilish xayoliga kelmaydi ham.

— Zarina epizodik rollarni yoqtirmaydi, degan gapni eshitdim. Rostmi shu?
— To‘g‘ri eshitibsiz. Epizod rolga rozi bo‘lishim mumkin, agar u filmning mazmun–mohiyatini ochib berolsa, albatta. Birrov ko‘rinib qo‘yishni esa istamayman. Tomoshabinlar kulguga olishmaydimi, «Nomiga ko‘rinib qo‘yibdimi?» deya. Otamning vafotidan so‘ng qattiq depressiyaga tushib qolgandim. Ruhiy muvozanatingiz buzilganida o‘y–xayollaringiz, bajarayotgan ishingizni nazorat qilolmas ekansiz. Menda ham shunday bo‘ldi. Bir rejissyorning taklifi bilan uning filmida suratga tushdim. S’yomka ishlari Kumushkonda bo‘lib o‘tdi. Onam meni hamisha qo‘llab–quvvatlab kelgan, ijodimda ham eng yaqin maslahatchim. Ammo ular ham sezmay qolganlar, sayoz kartinaga rozilik bildirib qo‘yganimni. Xullas, yengil–yelpi filmlarimni yana bittaga ko‘paytirib, qilgan ishimdan juda qattiq pushaymon bo‘ldim.

— Film ekranlarga chiqdimi?
— Yo‘q, chiqmasin ham. Buni nimaga aytdim, epizod rollarda ham shunday bo‘lishi mumkin. Bir marta ko‘rinib qo‘yishingiz, butun aktrisalik faoliyatingizga dog‘ tushiradi. Yaxshi epizodik obrazlarim ham bor, misol uchun Javlon Shodmonov kartinasidagi ijrom. Qamara Kamalovaning filmida ham epizod rolim bor, u ham omadli chiqqan.

— Bundan bir necha yillar avval «Xonandalikka qaytdim» degandingiz. Yangilik bo‘lmadi-ku?
— Xonandalik faoliyatini boshlamoqchi edim, ammo ikkilandim. Keyin, aktrisaligimni qila qolay deya, qo‘shiqchilikka e’tibor bermay qo‘ydim. To‘g‘risini aytaman, qo‘shiq kuylagan bo‘lsam ham biror marta to‘yga chiqmaganman.

— To‘ylar haqida so‘z ochganingiz ayni muddao bo‘ldi. Bundoq qarasam, faqat siz qolibsiz boshlovchilik bilan shug‘ullanmayotgan?..

— Men qatori aktrisalardan, Asal va Shahzoda Matchanovani ham aytishingiz mumkin, to‘ylarda boshlovchilik qilmayapti, deya. Fikrimcha, to‘y xizmatlari qaysidir ma’noda aktrisaning mavqeiga ta’sir ko‘rsatadi. Katta gapirishni istamayman, bir kun zarurat paydo bo‘lsa, balki to‘yga chiqarman. Harqalay boshlovchilik ham pul turadi. To‘ylarni olib borish taklifi bilan ko‘plab murojaatlar bo‘ladi, ba’zan gonorarini eshitib, o‘ylanib ham qolaman. Biroq rozilik bildirmayman. Birinchidan, boshlovchilik qilishni bilmayman. To‘g‘ri, istasam o‘rganib olishim mumkin. Lekin to‘y xizmatlariga ehtiyoj sezmayapman.

— Aktrisalik faoliyatiga ta’sir qiladi, deganda nimani nazarda tutdingiz?
— Klip, reklama, ko‘rsatuv va teleloyihalarda qatnashib tursangiz durust. Ammo har kuni, hatto kunora yo haftada ikki marta bo‘lsa ham to‘ylarda ko‘rinaversangiz, sizga hamma qatori qaray boshlashadi. Siz bilan muloqot qilish oson bo‘lib qoladi. Menimcha, aktrisa tomoshabin bilan ma’lum masofani ushlab turishi lozim.

— Hamisha gap–so‘zlar nishonida ekanligingiz sir emas, to‘g‘rimi?

— Nimasini aytasiz.

— Ijtimoiy tarmoqlardan birida siz haqingizda «o‘zbek Kim Kardashyani» deya izoh qoldirilganidan so‘ng unga javoban fikr bildirdingiz. «Zarina qattiq gapirdi» deya shov-shuv qilishdi-yu, fikrimcha, xotirjam yondoshgansiz?

— Instagram sahifamda uyimni videoga olib, «Fotoshop» deganlar uchun atay joyladim. Ko‘rishsin, menga «fotoshop»ning hojati yo‘q. Ko‘zgu o‘zida shunday rakursni aks ettiradiki, gohi tasvir boshqacharoq chiqadi.

— Kim Kardashyanga o‘xshatishganidan jahlingiz chiqdimi yoki yo‘q?
— Nega endi achchig‘im kelsin, kelishgan, chiroyli ayolga o‘xshatishyaptimi, xursandman. Vaqtlarini qizg‘onmay, men haqimda shuncha fikr bildirishyapti-ku axir, minnatdorman barchalaridan.

— Plastik jarrohlikka murojaat qilganingizni inkor etasiz, shundaymi?

— Ha! Hech qachon plastik amaliyotdan foydalanmaganman. Ikki yarim yildan buyon qomatimni korreksiyalash maqsadida sport zalida shug‘ullanaman. Kunora uch soatdan mashq qilaman. Bor sirim shu. Turmushdan ajrashganimdan so‘ng haddan tashqari ozib ketdim. Qomatimni tartibga keltirmasam bo‘lmaydi deya, shug‘ullanayotganimni hamma o‘zicha gap qildi. Aslida esa barining ortida mehnat yotibdi. Go‘zallik saloniga borsam ham, qizlar sochimni surishtirishadi, «O‘zingiznikimi yo ulamami?» deya. Sochlarim o‘zimniki, tabiiy shunday.

— Keling mavzuni o‘zgartirsak, o‘g‘lingiz bu yil nechanchi sinfga boryapti?
— To‘rtinchi sinf o‘quvchisi bo‘ldi.

— Uning tarbiyasi bilan asosan onangiz shug‘ullanadi. Buvisining bolasi gapingizga quloq soladimi?
—O‘g‘lim uchun ham ota, ham onaman. Tan olaman, juda qattiqqo‘lman. Nimaki istasa, barchasini muhayyo qilaman, ammo shunga yarasha yaxshi o‘qishi kerak. Onam uni erkalatishlari rost, lekin biror nima qilishdan oldin «Oyingdan so‘ra» deb turadilar.

— Otasi bilan ko‘rishib turibdimi?
— Yo‘q, otasi bilan ko‘rishmaydi.

— So‘rab tursa kerak, u haqida?
— Yo‘q. Temirxonning otasi ko‘p noto‘g‘ri ishlarni qildi. Shungami bilmayman, o‘g‘lim u haqda so‘ramaydi. Tug‘ilgan kunida tabriklamaydi, tarbiyasida ishtirok etmaydi. Balki shungadir, o‘z otasiga qiziqmaydi.

— Temirxonning aktirsa ekanligingizga munosabati qanday? Partnyorlaringizdan g‘ashi kelmaydimi?
— O‘g‘lim kino bilan haqiqiy hayotni bir–biridan ajrata oladi. Partnyorlarimdan sira qizg‘onmagan. Lekin ko‘cha–kuyda odamlar bilan ko‘rishib, so‘rashib qolsam, «Oyijon, u kim?» deya so‘roqlaydi.

— Instagram sahifasida bir million kuzatuvchiga ega aktrisa sifatida qayd etildingiz. Bu sizga nima berdi?
— Aytarli hech nima. Shunchaki, sahifamni kuzatadiganlar soni bir yarim millionga yetdi, xolos.

— Savollarga ro‘yi–rost javob berganingizdan minnatdormiz. Ishlaringizga rivoj tilaymiz!

— Rahmat!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Zarina Nizomiddinova: "To‘y xizmatlari, plastik jarrohlik va ismi o‘zgargani haqida..."